Bugungi jurnalistikaning asosiy vazifalari ijtimoiy hayotda sodir bо‘lgan voqea-hodisalar haqida jamoatchilikka xabar yetkazish bilan birga ular fikrini shakllantirish, shuningdek, jamiyatning turli guruhlari, jamoalar, kishilar о‘rtasida kommunikativ munosabatlar о‘rnatish, muayyan g‘oya va mafkuralarni targ‘ibot va tashviqot qilish, qolaversa, odamlarni tarbiyalashdan ham iboratdir.

Qarshi shahridagi "Afrosiyob" mehmonxonasi konferens-zalida ikki kun davom etgan seminar-treningda bu haqda batafsil sо‘z yuritildi.

"Yuksalish" umummilliy harakati tomonidan Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan "О‘zbekistonda jurnalistika sohasida xalqaro etika standartlarini ilgari surish" loyihasi doirasida о‘tkazilgan mazkur tadbirda Qashqadaryo, Buxoro va Surxondaryoda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar va blogerlar qatnashdi.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, mazkur loyihaning maqsadi О‘zbekiston hududlarida olib borilayotgan islohotlarning xolisona yoritilishini ta’minlash uchun milliy ommaviy axborot vositalari xodimlarining tahliliy jurnalistika va kasb etikasi borasidagi salohiyatini oshirishga qaratilgan. Shu bois seminar-treningda tahliliy jurnalistikaning nazariy va amaliy jihatlari, tahliliy materiallar tayyorlashda ochiq va yopiq manbalar bilan ishlash hamda statistik ma’lumotlardan foydalanish, maqolalarni ijtimoiy tarmoqlarda samarali targ‘ib etish usullari bо‘yicha kо‘plab taqdimotlar va amaliy mashg‘ulotlar о‘tkazildi.

- Bugun yurtimizda jurnalistlar va blogerlar asosan axborot tarqatish bilan kifoyalanib qolishayapti, - deydi О‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti dotsenti, seminar treneri Beruniy Alimov. - Biroq jamoatchilik voqea va hodisalar haqida kо‘proq ma’lumotga ega bо‘lishni istaydi. Shuning uchun ham endi axborot yetkazishda "Nima?", "Qachon?", "Qayerda?" savollariga javob topishning о‘zi kamlik qiladi. Ularning ortidan "Nega?", "Qanday qilib?", "Nima sababdan?" singari yangi savollar ham tug‘iladiki, jurnalist ularga javob berish uchun astoydil izlanishi lozim.

Qizg‘in bahs-munozaraga boy bо‘lgan treningda zamonaviy jurnalistika muammolari о‘rtaga tashlandi, "fake-news", ya’ni soxta xabarlarga qarshi kurashishning amaliy yechimlari kо‘rib chiqildi.

- Uzoq yillar davomida biz - bosma OAV vakillari, mushtariylarning axborot olish borasidagi ehtiyojlarini о‘rganmasdan keldik, natijada auditoriyani yetaklovchi emas, balki uning ortidan ergashib yuruvchi shaxslarga aylandik, - deya tan oladi "Buxoro oqshomi" gazetasi muxbiri Obid Quldoshev. - Vaziyatni ijobiy tomonga о‘zgartirish uchun esa har bir jurnalist jamiyatning о‘ziga xos barometriga aylanib, odamlarni qiynayotgan muammolarni chuqur tahlil qila olishi va ularni bartaraf etish uchun xalq manfaatidan kelib chiqib, amaliy takliflar kirita olishi lozim. Shu nuqtai nazardan Qarshi shahrida о‘tkazilgan seminar men uchun ham faol harakatga undaydigan, ham tо‘g‘ri yо‘l kо‘rsatadigan tadbir sifatida ahamiyatli bо‘ldi.

Ishtirokchilar О‘zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi loyihasini bandma-band muhokama qilar ekanlar, shu soha vakillarining ijtimoiy mas’uliyati va birdamligi, axborotning ishonchliligi, plagiatga yо‘l qо‘ymaslik lozimligi, shuningdek, betaraflik, halollik va xolislik kabi ustuvor tamoyillar haqida fikr yuritishdi. Kichik guruhlarda ishlab, loyihaga qо‘shimcha va о‘zgartishlar kiritish yuzasidan kо‘plab takliflar bildirishdi.

- Kodeks loyihasida, jumladan, "Jurnalist har qanday sharoitda ham yolg‘on axborot e’lon qilmasligi, dalillarni buzib kо‘rsatmasligi va ijtimoiy ahamiyatga ega axborotni ataylab yashirmasligi lozim" degan gaplar bor, - deydi Surxondaryo viloyatidagi diyor24.uz veb-sayti mas’ul muharriri, talaba Matluba Nigmatullayeva. - Hujjatning yakuniy tahririda ham shu talab saqlanib qolishini istab, faoliyatimda unga qat’iy rioya etishga qaror qildim. Zero shundagina haqiqiy jurnalist bо‘la olaman.

Seminar davomida uning ishtirokchilari "О‘zbekistonda jurnalistika sohasida xalqaro etika standartlarini ilgari surish" loyihasi doirasida tayyorlanadigan tahliliy materiallar media-rejalarini ishlab chiqib, ularning taqdimotini о‘tkazishdi.

О‘z muxbirimiz

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

09-07-2019 |
Фото галерея