Qarshi shahar 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida “Navrо‘z sadolari” V xalqaro xalq cholg‘ulari orkestrlari va kо‘p ovozli ansambllarning musiqa kо‘rik-festivali viloyat saralash bosqichi bо‘lib о‘tdi.

Ma’lumki, “Navrо‘z sadolari” xalqaro kо‘rik-festivali bir necha yildan buyonmusiqa va san’at maktablari, ixtisoslashtirilgan musiqa maktab-internatlari, san’at kollejlarining milliy cholg‘ular orkestr va ansambllari о‘rtasida tashkil etib kelinayapti. Undan kо‘zlangan asosiy maqsad bolalar musiqa san’atiga oid ta’limni yanada takomillashtirish, tahlil etish, nomoddiy madaniy merosni kо‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, uning mazmun-mohiyatini targ‘ib etish, bolalar ijodiyotiga oid xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iboratdir. Festivalning bu yilgi viloyat saralash bosqichi ham ishtirokchilarning bir-biridan chiroyli chiqishlari, mahorat va iqtidorlarning о‘zaro bellashuviga aylanib ketdi.

Tanlov davomida jami 20 nafar orkestr va ansambllar ijrolari eshitildi. Ularning chiqishlarini baholashda mahorat, musiqani teran anglab, tinglovchiga yetkazish salohiyati kabi jihatlarga e’tibor qaratildi. 

Yakuniy natijalarga kо‘ra, Kitob tumani 10-son bolalar musiqa va san’at maktabi orkestr jamoasi hamda Yakkabog‘ tumani 18-son bolalar musiqa va san’at maktabi ansambl jamoasi viloyat bosqichida birinchi о‘ringa munosib topilib, kо‘rik-festivalning respublika bosqichi yо‘llanmasini qо‘lga kiritdi.

Jahongir BOYMURODOV

26-03-2019 |
Фото галерея