Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov Quvaytning “Gulf Care General Trade” va “Energy Solutions” kompaniyalari vakillarini qabul qilib, ular bilan hamkorlik bo‘yicha keng qamrovli muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida turli sohalardagi investitsion loyihalar, jumladan, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va sog‘liqni saqlash tizimida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Investorlar viloyatda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shu bilan birgalikda nogironlikni erta aniqlash bo‘yicha innovatsion yondashuvlar, ayniqsa, onkologiya, yurak-qon tomir va qandli diabet kasalliklariga to‘g‘ri tashxis qo‘yish imkonini beruvchi zamonaviy tibbiy laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etdilar.

Muloqot davomida tomonlar mazkur loyihalarning amalga oshirilishi natijasida viloyatda yangi ish o‘rinlari yaratilishi, mahalliy aholini sifatli dori-darmonlar bilan ta’minlash imkoniyatlari ortishi va umumiy sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan qator amaliy chora-tadbirlar haqida ham fikr almashdilar. Bu kabi loyihalar nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki ijtimoiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Murotjon Azimov investorlarga viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilayotgan qulay investitsion muhit haqida ma’lumot berdi hamda kelgusidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha o‘zining ochiqligini bildirdi. Uchrashuv ijobiy kayfiyatda o‘tib, tomonlar kelgusida hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida o‘zaro kelishuvlarga erishdilar.

Shuningdek, uchrashuv davomida Murotjon Azimov Quvaytning “Gulf Care General Trade” va “Energy Solutions” kompaniyalari boshqaruv kengashi raisi Eyad al-Saleh bilan onlayn muloqot ham o‘tkazdi.

19-07-2024 |
Фото галерея