Tarixda qudratli saltanatlar va hukmdorlar kо‘p о‘tgan. Biroq buyuk daho sifatida tarixda nom qoldirish uchun faqat kuch-qudratning о‘zi kamlik qiladi. Buyuk bobokalonimiz Amir Temurning jahon va millatimiz tarixida tutgan о‘rni, siyrati, siyosati, harbiy va diplomatik salohiyati haqida sо‘z ketganda, о‘chmas iz qoldirgan yirik davlat arbobi, mohir sarkarda, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida baho berilishi bejiz emas albatta.

Mustabid tuzum buyuk bobomiz shaxsiga nomunosib qancha tuhmat va haqoratlar qilmasin, Sohibqiron dahosini xalqimiz yuragidan sug‘urib tashlay olmadi. Istiqlolga erishganimizdan e’tiboran Amir Temur   xalqimiz uchun yana Vatan va millat timsoliga aylandi.

Amir Temurning yoshligi haqida ma’lumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u xat-savod chiqarib, о‘z davrining riyoziyot, falakiyot, tibbiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini о‘rgangan. Amir Temur bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bо‘lgan arab faylasufi Ibn Xaldun jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi о‘zlashtirganini ta’kidlaydi.

Siyosiy maydonga qadam qо‘yganida Amir Temur endigina 24 yoshda edi. Mamlakat parokanda, mahalliy siyosiy kuchlar о‘rtasidagi о‘zaro qarama-qarshiliklar avj olgan, ustiga-ustak Chingizxon avlodlari Movarounnahrga tez-tez bosqin uyushtirib turardi. Bir asrdan ziyod vaqt davom etgan bu sharoitda jamiyat uchun ozodlik va taraqqiyotga bо‘lgan intilishlarni о‘zida mujassam etgan xaloskor zarur edi. Amir Temur ana shunday xaloskor va yо‘lboshchi sifatida tarix sahnasida paydo bо‘ldi.

1370 yilda Balxda bо‘lib о‘tgan qurultoyda u Movarounnahrning ulug‘ amiri deb e’lon qilindi. О‘z davlati poytaxti etib Sо‘g‘diyonaning qadimiy boshkenti bо‘lgan Afrosiyob xarobalari yonidagi Samarqandni belgiladi. Amir Temur Markaziy Osiyo hududlarini yagona markazlashgan davlatga birlashtirdi, Hind va Gangdan to Sirdaryo va Zarafshongacha, Tyan-Shandan to Bosforgacha ulkan imperiya barpo etdi.

Amir Temurning Osiyo, umuman, jahon tarixidagi xizmatlari katta. U Markaziy Osiyoni mо‘g‘ullar iskanjasidan ozod etdi. О‘sha davrning qudratli hukmdorlaridan sanalgan Yildirim Boyazidni tor-mor etib,  Bolqon yarim oroli va Yevropa xalqlariga ozodlik bag‘ishladi. Oltin О‘rda xoni Tо‘xtamishni mag‘lubiyatga uchratib, Rossiyaning mо‘g‘ullar hukmronligidan qutulishini tezlashtirdi. Nemis olimi va tarixshunosi    M.Veber "Temur о‘z dushmanlariga nisbatan juda berahm edi, lekin sarkardalik, davlatni boshqarish va qonunchilik sohasida buyuk talantga ega edi", deb ta’riflagan.

Temur tuzuklari, Nizomiddin Shomiy, Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma", Ibn Arabshohning "Temur haqidagi xabarlarda taqdir ajoyibotlari" va boshqa tarixiy manbalarda Sohibqironning suratu siyrati, dunyoqarashi va ibratli ishlari haqida juda kо‘p ma’lumotlar keltirilganki, bular el-yurt va raiyatning tashvishi bilan yashash, davlatni adolat ila boshqarish, insonparvar jamiyat qurish, mehr-muruvvat, mardlik va qahramonlikda shaxsiy namuna kо‘rsatish Amir Temurning bir umrlik turmush tarziga aylanganidan dalolat beradi.

Amir Temur va uning avlodlari say-harakati bilan qurilgan madrasalar, masjidlar, xonaqohlar, saroylar, bozorlar, qal’alar, kanallar, yо‘l va kо‘priklar va boshqa inshootlarning son-sanog‘i yо‘q. Amir Temurning bevosita rahnamoligida bunyod etilgan Bibixonim jome’ masjidi, Gо‘ri Amir, Ahmad Yassaviy, Zangi ota maqbaralari, Oqsaroy va Shohi Zinda me’moriy majmualari, Bog‘i Chinor, Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Behisht, Bog‘i Baland singari о‘nlab gо‘zal saroy-bog‘lar va shu kabi boshqa inshootlar shular jumlasiga kiradi.

Ulkan va bepoyon mamlakatning poytaxti rutbasini olgan Samarqand, Amir Temurning niyatiga kо‘ra, kurrayi zamindagi eng chiroyli shaharga aylanishi kerak bо‘lgan. Sohibqiron hayotlik paytida bunyod etilgan о‘nlab me’moriy yodgorliklar inson tafakkuri, aqli va salohiyatining benazir tajassumi edi.

Mashhur davlat arbobi va sarkardaning harbiy san’atga, davlat tuzilishi va mamlakatni boshqarishga oid qarashlari aks etgan "Temur tuzuklari" uning hayotligida maxsus yozilgan. Bu kitob bugungi kunda  ham hayotimizda о‘ziga xos dasturilamal vazifasini о‘taydi. Negaki, davlatni oqilona va odilona boshqarish san’ati bayon etilgan bu asar chuqur mazmun-mohiyati va dolzarbligi bilan ma’naviy mezon bо‘lishga arziydi. О‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov "Amir Temur tuzuklarini о‘qisam, xuddi bugungi zamonning katta-katta muammolariga javob topgandek bо‘laman", deya bejiz ta’kidlamagan edi.

Sohibqiron tuzuklarida: "Yaxshilarga yaxshilik qildim, yomonlarni esa о‘z yomonliklariga topshirdim… Menga yomonliklar qilib, boshim uzra shamshir kо‘tarib, ishimga kо‘p ziyon yetkazganlarni ham, iltijo bilan tavba-tazarru qilib kelgach, hurmatlab yomon qilmishlarini xotiramdan о‘chirdim", deyiladi. Jazolar adolatli bо‘lgani bois, raiyatda e’tiroz va norozilik tug‘ilmagan. Bugun say-harakat qilayotganimiz - qonun ustuvorligi tamoyili Sohibqiron davlatida keng amalda bо‘lgan.

Amir Temur qonunlarga rioya qilinishini ta’minlashga shu qadar e’tibor berganki, qonunni buzgani uchun yuqori lavozimdagi mansabdorlar, hatto о‘zining eng yaqin qarindoshlari va farzandlarini ham ayab о‘tirmagan. Bu о‘z navbatida tinchlik va osoyishtalik qaror topishini ta’minlagan.

Sohibqironning hayot shiori bо‘lgan "Rosti - rusti" (Kuch - adolatda) sо‘zlari yozilgan uzukni unga Shayx Zayniddin Abu Bakr Tayobodiy hadya etgan. U Amir Temurga yо‘llagan maktubida shunday ta’kidlagan: "Xudoning mulkida adolat ila ish tutgilkim, shunday demishdirlar: "Mamlakat kufr bilan turishi mumkin, lekin zulm bor yerda turolmaydi".

Amir Temur о‘z saltanatini boshqarishda shariat qonunlariga bо‘ysungan, fiqhga oid muammolarni hal qilishda faqih-olimlarning maslahatlariga tayangan. Shariat qozilarini tanlash va tayinlashga, qozilik ishlariga, bugungi kun ta’biri bilan aytganda, odil sudlovga katta ahamiyat qaratgan. "Lashkarlar uchun maxsus qoziy va raiyat uchun alohida qoziy tayinladim, har mamlakatga shayxulislom yubordimki, toki musulmonlarni gunoh ishlardan qaytarib, ularni yaxshi va savob ishlarga undasin", deyiladi "Temur tuzuklari"da.

Modomiki shayxulislom odamlarni gunoh ishlardan qaytarib, yaxshi va savob ishlarga undashga buyurilgan ekan, uning iymon-e’tiqodli, haqgо‘y, ma’rifatparvar, ma’naviy olami boy bо‘lishi talab etilgan. Bu haqda mushohada qilar ekansan, bu talablar zamonlar osha о‘z ahamiyatini yо‘qotmaganini, unga hamohang Shavkat Mirziyoyevning "Sudyaning ongida - adolat, tilida - haqiqat, dilida esa poklik ustuvor bо‘lishi kerak", degan xitoblarini yurakdan his etasan.

Buyuk ajdodimizning muhim fazilatlaridan biri shuki, u zot 600 yil avval davlatlararo о‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, uzoq va yaqin xalqlar о‘rtasida dо‘stlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash о‘z saltanati yorqin istiqbolini ta’minlashning muhim omili ekanini teran anglagan. Shu sababli, Yevropa va Osiyoni bog‘lashga xizmat qilgan ulkan ishlarni amalga oshirgan. Bir tomondan - Xitoy, Hindiston, ikkinchi tomondan - Fransiya, Ispaniya,  Angliya va boshqa davlatlar bilan aloqalar о‘rnatgan va shu munosabatlarni mustahkamlashga intilgan.

Hozirgi kunda Amir Temur va    temuriylar mavzuiga bag‘ishlab yaratilgan yirik asarlar soni Yevropa tillarida 500 dan, Sharq xalqlari tillarida esa mingdan ortiqni tashkil etadi. Ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo "Samarqandga Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403-1406)" asarini yozgan bо‘lsa, buyuk rassom Rembrandt Boburiylar zamonidagi hind miniatyuralaridan ilhomlanib, Amir Temur suratini ishlagan. XVI asrda yashagan mashhur ingliz shoiri va dramaturgi Kristofer Marloning "Buyuk Temur" tragediyasi yuz yildan oshiq vaqt sahnadan tushmagan. Vivaldi, Skolari, Gendel va boshqa bastakorlar Amir Temurga bag‘ishlab musiqa asarlari yaratishgan.

Mamlakatimizda ham 1996 yil Amir Temur yili deb e’lon qilindi. Shu tadbirlar doirasida Toshkent, Samarqand, Shahrisabz shaharlarida bobokalonimizning haykallari о‘rnatildi. Toshkentda Temuriylar tarixi davlat muzeyi barpo qilinib, "Amir Temur" ordeni ta’sis etildi. Amir Temur va uning davrini о‘rganishga bag‘ishlangan qator manbalar, kitoblar, jumladan, Bо‘riboy Ahmedovning katta roman-xronikasi dunyo yuzini kо‘rdi. Albatta, buyuk ajdodimiz shaxsiga bо‘lgan yuksak e’tibor va ehtirom u zotning vorislari sifatida qalbimizda faxr-iftixor tuyg‘ularini jо‘sh urdiradi.

Saddam ORZIQULOV,

jinoyat ishlari bо‘yicha viloyat sudi

malaka hay’ati kotibi

 

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

08-04-2019 |
Фото галерея