Joriy yilning 16 iyul kuni О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari hamda Qashqadaryo viloyat hokimligi hamkorligida Qarshi shahrining “О‘zgeoburneftgaz” AK majlislar zalida Qarshi shahar va Qamashi, G‘uzor, Dehqonobod tumanlaridagi fermer xо‘jaliklari, korxona va tashkilotlari rahbar va xodimlari ishtirokida mahsulotishlabchiqarishda qо‘shilgan qiymat solig‘i va energiya tariflarini optimallashtirish masalalari bо‘yicha davra suhbati tashkil etildi.

Unda Davlatimiz rahbarining 2019 yil 27 iyundagi "Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi farmoni mazmun-mohiyati bо‘yicha fikrlashildi. Ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, tadbirkorlik va sog‘lom raqobat muhitini qо‘llab-quvvatlash, mamlakatning  eksport salohiyatini kengaytirish va rag‘batlantirish hamda ichki bozorni sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlashga yо‘naltirilgan soliqqa tortish va bojxona-tarif tizimini tartibga solish bо‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli ishlar xususida ma’lumot berildi.

О‘z navbatida, iqtisodiyotning ayrim sektorlarida tadbirkorlik subyektlariga sezilarli miqdorda imtiyoz va preferensiyalar berilganini hisobga olgan holda qо‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va tо‘lashning amaldagi tartibida mavjud nomutanosibliklar barcha xо‘jalik yurituvchi subyektlar uchun teng sharoitlarni ta’minlash va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatini bermayotgani ta’kidlandi.

 

Ta’kidlandiki, Farmonga asosan 2019 yil 1 avgustdan boshlab:

yagona yer solig‘i tо‘lovchisi hisoblangan qishloq xо‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qо‘shilgan qiymat solig‘ini tо‘lashga о‘tishi mumkin;

kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 million sо‘mdan oshgan, biroq bir milliard sо‘mdan kо‘p bо‘lmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini kо‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq tо‘lovini tо‘lashga о‘tishi tartibi о‘rnatildi;

2019 yil 1 oktabrdan boshlab:

a) benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yoqilg‘i quyish stansiyalari orqali oxirgi iste’molchilariga sotadigan yuridik shaxslar, ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qati nazar qо‘shilgan qiymat solig‘i tо‘lovchilari hisoblanishi;

b) tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik subyektlari, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushum miqdoridan qati nazar qо‘shilgan qiymat solig‘i tо‘lovchilari hisoblanadilar. Bunda, tovarlarni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik subyektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qо‘shilgan qiymat solig‘i tо‘lovchisi sifatida hisobga turishi shartligi;

v) quyidagilar bо‘yicha qо‘shilgan qiymat solig‘idan, shu jumladan import qilinganda ham, imtiyozlar bekor qilinganligi:

asbest, kо‘mir, yog‘och materiallari, yog‘och va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xomashyosi;

soya danagi, kungaboqar va kunjut urug‘lari, moyli xomashyo va shakar xomashyosi;

qishloq xо‘jaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar;

g) yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablag‘laridan foiz kо‘rinishida olingan tо‘lov manbaini foyda solig‘idan ozod qilish bо‘yicha imtiyozlar bekor qilinishi belgilangan.

Bundan tashqari, kun tartibiga asosan energiya tariflarining optimizatsiyasi bо‘yicha muhokamalar ham bо‘lib о‘tdi

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda tabbiiy gazning yetkazib berish tan narxi 845 sо‘m bо‘lsada amalda bu aholi uchun 320 sо‘m qilib belgilangan. Elektr energiya esa 1 kv/s elektr energiya ishlab chiqarish uchun esa 450 sо‘m sarflangan holda aholiga 250 sо‘mdan sotilib kelinmoqda.

Bu raqamlar albatda sohalar rivojiga mablag‘lar ajratish uchun moliyaviy barqaror muhitni yaratishda imkoniyat bermaydi.

Buning oqibatida esa sohaning investitsiyaviy jozibadorligiga putur yetmoqda. Ma’lumki investor foyda kо‘rmasa sohaga kelmaydi. Buning uchun tariflarni bosqichma-bosqich oshirish talab qilinadi.

Sо‘zga chiqqanlar tomonidan bu borada halqaro amaliyot hamda ulardagi energiya tariflari bо‘yicha misollar keltirildi.

Shuningdek, xо‘jalik yurituvchi subyektlar uchun teng faoliyat va raqobat sharoitlarni ta’minlash hamda iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida imtiyozlar tartibga solinmoqda.

Uchrashuv davomida tadbirkorlarni qiziqtirgan qator masalalar bо‘yicha atroflicha tushuntirishlar berildi.

Islom Xushvaqtov,

Abdug‘ani Umirov,

О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi deputatlari

18-07-2019 |
Фото галерея