Dunyo tajribasidan ma’lumki, ishlab chiqarish korxonalari aholi yashash joylaridan uzoqqa, alohida hududlarda, bir-biriga yaqin joylashtirilsa, ularning bemalol ishlashi uchun zarur infratuzilmani shakllantirish oson bо‘ladi. Barcha korxona uchun umumiy muhandislik-kommunikatsiya tarmog‘i barpo etiladi. Bir necha yildan buyon bu amaliyot yurtimizda ham keng qо‘llanmoqda. Kо‘plab erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari tashkil etilgani fikrimiz dalilidir.

Albatta, ishlab chiqarish quvvatlarini bu taxlit bir joyda tо‘plash kо‘p afzalliklarga ega. Misol uchun, suv, gaz, elektr energiyasi bilan ta’minlash bir yо‘la amalga oshiriladi. Bu tizim oxirgi paytda yaxshi samara berayapti. Ana shunday maxsus hududlardan joy olib ishlashga talabgorlar kо‘paygani ham bejiz emas. Ilgari birgina Qashqadaryo viloyatida uchta hudud - Qarshi shahri, Shahrisabz va Nishon tumanlarida kichik sanoat zonalari tashkil etilgandi. Yaqinda esa bunday о‘ziga xos ishlab chiqarish birlashmalari soni yanada oshdi. Davlat rahbarining 2018 yil 29 fevraldagi qaroriga asosan yana 7 ta hududda kichik sanoat zonasi faoliyati yо‘lga qо‘yilishi belgilandi.

Ushbu hujjatga kо‘ra viloyatdagi yirik xо‘jalik subyektlarining foydalanilmayotgan bino-inshootlari va ishlab chiqarish maydonlari tadbirkorlarga ajratib berilishi lozim edi. Qarshi tumanidagi "Agroservis MTP" MCHJning bо‘sh turgan 1 gektardan oshiq hududida ham kichik sanoat zonasi ish boshlashi kо‘zda tutilgandi.

- О‘tgan vaqt mobaynida qaror talablarini bajarish bо‘yicha faol ish olib borildi, - deydi Qarshi tumani "Kichik sanoat zonasi yagona direksiyasi" DUK rahbari Akbar Zulfiqorov. - Tashabbuskor tadbirkorlarni tanlab olish uchun tenderlar о‘tkazilib, g‘oliblar aniqlandi. Hozirda zonamizga 8 ta tadbirkorlik subyekti joylashtirildi. Ular tomonidan 9 ta istiqbolli loyiha ilgari surilgan. Ularning faoliyat yо‘nalishi aniq, ishga tushirish muddatlari belgilangan. Dastlabki kelishuvga kо‘ra, buning uchun jami 7 milliard 120 million sо‘m sarflanadi. Tashabbuskorlar 3,5 milliard sо‘mdan ziyod mablag‘ni о‘z hisobidan yо‘naltirayapti, qolgani tijorat banklari kreditlaridir. Ishbilarmonlar loyihalarni amalga oshirish bilan birga 135 nafar kishini ish bilan ta’minlashi ham kerak.

Mutasaddining aytishicha, tadbirkorlarning tо‘laqonli faoliyat yuritishi uchun barcha maqbul sharoit yaratilgan. Jumladan, kichik sanoat zonasi zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulangan. Bu ishlar asosan davlat byudjeti mablag‘i hisobidan amalga oshirilgan.

Loyihalarga e’tibor qaratadigan bо‘lsak, ularning barchasi nooziq-ovqat sanoat tarmog‘iga taalluqli ekanini kо‘rish mumkin. Jismoniy shaxs Shahzod Isoqov 800 million sо‘m sarmoya evaziga plastmassa buyumlar ishlab chiqarishni yо‘lga qо‘yadi. Loyiha ijrosi 2019 yil uchinchi choragidan kechikmasligi kerak. Yana bir tadbirkor Shahzod Turdiyev bu yerda mix va shurup yasashni tashkil etishni taklif etgan. "Prommaks" MCHJ tomonidan ilgari surilgan loyiha savdo terminallari ishlab chiqarishga oid.

Ahamiyatlisi, shu kunga qadar kichik sanoat zonasida 2 ta loyiha tо‘la ishga tushgan. Xususan, "Kamolov-M" xususiy korxonasi tomonidan zamonaviy quvvat tashkil etilib, MDF eshik-rom yasash boshlab yuborilgan.

- Loyihamiz qiymati 700 million sо‘mga teng, - deydi korxona rahbari Muhiddin Kamolov. - Biznes-rejamni amalga oshirish bо‘yicha "Yoshlar - kelajagimiz" dasturini moliyalashtiruvchi jamg‘armaga murojaat qildim. Natijada 500 million sо‘m imtiyozli kredit ajratildi. Buni chetdan zarur dastgohlar olib kelishga ishlatdim. Qolganini о‘z yonimdan qо‘shdim. Zona hududida yangi ishlab chiqarish sexi bunyod etdik. Mahsulot chiqarayotganimizga esa bir oycha bо‘lib qoldi. Aholi va tashkilotlar buyurtmasi bilan ishlayapmiz. 8 nafar kishini ishli qilganman.

Ushbu kichik sanoat zonasida barcha loyihalar joriy yil oxirigacha tо‘liq ishga tushishi kerak. Albatta, mahalliy tadbirkorlarning bu tarzda qо‘llab-quvvatlanishi hudud iqtisodiyoti rivojiga, sanoati yuksalishiga xizmat qiladi.

M.JО‘RAYEV

Suratlarda: "Kamolov-M" xususiy korxonasidan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

29-06-2019 |
Фото галерея