Kechagi fermer bir yoki ikkita tarmoq bilan cheklangan bо‘lsa, bugun о‘nlab yо‘nalishlarda samarali ish yuritayotgan xо‘jaliklar soni kо‘p. Endilikda qishloq taraqqiyotini ularning ishtirokisiz tasavvur etish qiyin.

Koson tumanidagi "Shermat Saidov" fermer xо‘jaligi ham hududdagi yirik tadbirkorlik subyektlaridan biri hisoblanadi. Bir necha yil muqaddam paxta va g‘alla yetishtirish bilan faoliyat boshlagan fermer о‘zining tashabbuskorligi, tadbirkorligi evaziga yana 10 dan ortiq qо‘shimcha tarmoqlarni ishga tushirdi. Natijada daromad keluvchi manbalar soni oshib, xо‘jalikning iqtisodiy salohiyati yuksalib bormoqda. Bu esa yana yangi loyihalarni yо‘lga qо‘yish imkonini berayapti.

- Ayni paytda 152 gektar suvli hamda 21 gektar lalmi yer maydonimiz bor, - deydi xо‘jalik ish yurituvchisi Ikrom Suyarov. - Bu yerda paxta, g‘alla va chorva ozuqasi yetishtiramiz. Chunki sо‘nggi yillarda chorvachilik ham asosiy tarmoqlarimizdan biriga aylanib ulgurdi. Hozir 80 ga yaqin yirik shoxli mollarimiz bor. Ularning 30 tasi xorijdan olib kelingan zotdor sigirdir. Bundan tashqari, 500 boshdan ortiq mahalliy zotga mansub qо‘y, 50 bosh ot hamda 20 ga yaqin tuya boqayapmiz. Hududdagi kо‘plab tadbirkorlik subyektlari bilan chorva mahsulotlari yetkazib berish borasida shartnomalarimiz mavjud.

Shu bilan bir qatorda, xо‘jalikda boshqa qishloq xо‘jaligi subyektlari va aholi tomorqalariga shartnoma asosida texnika xizmatlarini kо‘rsatish ham samarali yо‘lga qо‘yilgan.

- Ish boshlagan dastlabki yillarimizdanoq xо‘jalikning moddiy texnika bazasini shakllantirishga, faoliyatimiz uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga harakat qilganmiz, - deydi Ikrom Suyarov. - Bugunga kelib "Keys", "Magnum" kabi zamonaviy о‘rim va haydov texnikasi, 5 ta yangi "MTZ" rusumidagi traktor, shuningdek, barcha turdagi qishloq xо‘jaligi uchun zarur agregatlarimiz mavjud. 

Albatta, daromadning oshishi fermerga boshqa sohalarga ham sarmoya kiritish imkonini bermoqda. Masalan, bir necha yil avval u tumanda 600 о‘rinli zamonaviy tо‘yxona qurib, foydalanishga topshirgan edi. Sо‘ng yoniga yana kо‘plab xizmat kо‘rsatish va savdo dо‘konlari tarmog‘i qо‘shildi.

Xо‘jalik vakilining ta’kidlashicha, ayni paytga kelib xо‘jalikda 130 dan ortiq kishi doimiy ish о‘rniga ega. Yil davomida yana kо‘plab mavsumiy ishchi kuchidan ham foydalaniladi. Daromad ham shunga yarasha. О‘tgan yili xо‘jalikda faqat sof foydaning о‘zi qariyb 400 million sо‘mni tashkil etgan. Bu yil esa kamida yarim milliardni kо‘zlab mehnat qilishmoqda. Shu bilan birgalikda, yana yangi tarmoqlarni tashkil etish, eng avvalo о‘zi yetishtirayotgan mahsulotlarni shu yerning о‘zida qayta ishlab, bozorga tayyor mahsulot holida chiqarish fermerning navbatdagi rejalaridan biriga aylangan.

Albatta, faqat bitta tarmoqni ushlab, kelayotgan daromadga qanoat qilish bugungi davr uchun begona. Buni tо‘g‘ri anglab, shunga monand harakat qilayotgan, yangi-yangi loyihalarni rо‘yobga chiqarayotgan fermer borki, sohada yanada katta yutuqlarga erishmoqda. Shu asnoda el-yurt farovonligiga, qishloqlar obodligiga hissa qо‘shayapti. Aslida fermerlik harakatidan kо‘zlangan maqsad ham ana shu: har bir fermer aholining farovon hayoti, qishloq taraqqiyotiga hissa qо‘shadigan yetakchi kuchga aylanishiga erishishdir.

J.BOYMURODOV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

03-07-2019 |
Фото галерея