Davlat mustaqilligining 28 yilligi bayram tadbirlari ana shu bosh g‘oyani о‘zida mujassam etadi

Prezident shu yil 8 iyulda "О‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik kо‘rish va uni о‘tkazish tо‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Xalqimiz uchun eng ulug‘, eng aziz ayyom, erkin, obod va farovon hayot qurish yо‘lidagi barcha yutuq va muvaffaqiyatlarimizning asosiy manbai bо‘lgan Vatanimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligini katta tayyorgarlik bilan kutib olish, bu qutlug‘ sanani uning mohiyati va ahamiyatiga, xalqimizning fidokorona mehnati, ezgu orzu-intilishlariga munosib tarzda nishonlash maqsadida bayramga tayyorgarlik kо‘rish va uni о‘tkazish bо‘yicha respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

"Jonajon О‘zbekistonim, mangu bо‘l omon!" degan bosh g‘oyani о‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda  targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturida 2017-2021 yillarda О‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yо‘nalishi bо‘yicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek, "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili" davlat dasturi,"Obod qishloq", "Obod mahalla", "Har bir oila - tadbirkor", "Yoshlar - kelajagimiz", "Besh ijobiy tashabbus" kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan tub islohotlarning ma’no-mazmuni va ruhi mujassam etilishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Chunonchi, qarorda qayd etilganidek, oxirgi yillarda siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarning mazmun-mohiyati, jamiyatimiz qiyofasi butunlay о‘zgargani, bu ijobiy о‘zgarishlar yurtdoshlarimiz hayotida о‘z ifodasini topayotgani, xalqimizning turmush darajasini, ongu tafakkuri, bilim va madaniyatini oshirish bо‘yicha qilingan ishlarni konkret dalil va misollar, chuqur ilmiy tahlillar va ekspertlik baholari orqali mamlakatimiz va xalqaro jamoatchilikka yetkazish muhim ahamiyatga egadir.

Shu maqsadda aholining keng qatlamlari о‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, dolzarb mavzular bо‘yicha fikr almashuvlar, madaniy tadbirlar о‘tkazilib, ularga taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat  targ‘ibot guruhlari jalb etiladi.

Madaniyat vazirligi О‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, О‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etadigan eng yaxshi qо‘shiq va musiqa asarlari uchun "Yagonasan, muqaddas Vatan!" respublika tanlovining yakuniy bosqichini, О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi esa Madaniyat vazirligi, О‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, О‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi,  Badiiy akademiya, "Tasviriy oyina" ijodiy uyushmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda "Eng ulug‘, eng aziz", "Ranglar jilosida - ona diyor", "Vatan uchun yashaylik!" kabi an’anaviy kо‘rik-tanlovlarni о‘tkazadi.

Bayram tadbirlari ommaviy axborot vositalarida atroflicha yoritib boriladi.

N.XО‘JAYEV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

12-07-2019 |
Фото галерея