Muborak tumanidagi "Eshqulova Gulxumor" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati asosan issiqxona xо‘jaligi yuritishga ixtisoslashgan. О‘tgan yilning oxirigacha ushbu tadbirkorlik subyekti 40 sotixdan sal kо‘proq maydonda sabzavot mahsulotlari parvarishlab kelardi. Ammo ushbu kо‘lam mavjud imkoniyatga mos emas. Zarur sharoit yetarli bо‘lgani holda qamrovni kengroq olishga ehtiyoj paydo bо‘ldi. Natijada korxona rahbari, yosh ishbilarmon Zulfiya Yо‘ldosheva qо‘shimcha yer olib, issiqxona barpo etishga qaror qildi.

- Xо‘jaligimiz maxsus sanoat hududida joylashgan bо‘lib, issiqxonani isitish uchun energiya tejamkor usullardan foydalanish imkoniga egamiz, - deydi u. - Hududdagi issiqlik manbai tashkiloti kerakli haroratdagi suv bilan ta’minlab turibdi. Bu esa sarf-xarajatimiz kamayishiga zamin yaratayapti. Qolaversa, mahsulotimizga talabgor kо‘p. Ichki bozordan mustahkam о‘rin egallaganmiz. Bultur xorij mamlakatiga ham qiymati 10 ming AQSH dollaridan ziyod pomidor va bodring yetkazib berdik. Shu kabi omillar faoliyatimizni yanada kengaytirishga undadi. "Yoshlar - kelajagimiz" dasturi doirasida о‘tgan yili loyihamizni taqdim etdik. Mazkur tashabbusimiz ma’qullanib, bizga tijorat banki tomonidan imtiyozli asosda qariyb 430 million sо‘m kredit mablag‘i ajratildi. Shuningdek, bunga 160 million sо‘m о‘z sarmoyamizni ham qо‘shdik.

 Tadbirkor ushbu istiqbolli loyihani tez sur’atda amalga oshirishning uddasidan chiqqan. Loyiha moliyalashtirilgach, 50 sotixdan ziyod maydonda zamonaviy inshoot qurib, joriy yil yanvaridan e’tiboran mahsulot parvarishiga kirishdi.  Bugungi kunda xо‘jalikda pomidor va bodringning serhosil  navlari о‘stirilmoqda. Mahsulot yaqin orada pishib yetiladi va sotishga tayyor bо‘ladi. Boshqa bir muhim jihat loyihaning ijtimoiy ahamiyatga ega bо‘lganidadir. Xо‘jalikda ish kо‘lami oshishi evaziga qо‘shimcha 10 nafar ishchini mehnatga jalb etish zarurati paydo bо‘ldi.

 Suratda: issiqxona faoliyatidan lavha.

 Mirzohid JО‘RAYEV

 Sobir NARZIYEV olgan surat.

 

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

08-04-2019 |
Фото галерея