Qariyb 3 milliard sо‘m sarmoya о‘zlashtirilib, 50 kishi doimiy, yana shunchasi mavsumiy ish bilan ta’minlandi. "Yoshlar - kelajagimiz" davlat dasturi doirasida G‘uzor tumanida 2018 yilda 14 ta istiqbolli loyiha amalga oshirilishi shunga keng imkoniyat taqdim etdi. Yoshlar tashabbusi qо‘llab-quvvatlangani, ularga zarur moliyaviy kо‘mak kо‘rsatilgani samarasi bu.

Mana birgina misol. Hududdagi "Zayniddin Zafarovich" firmasiga yosh ishbilarmon Zarif Qulmatov rahbarlik qilmoqda. Korxona jamoasi sanoat sohasida о‘zlarini sinab kо‘rgan, pishiq g‘isht ishlab chiqarish quvvatlariga ega. О‘tgan davrda tadbirkorlik subyekti faqat shu yо‘nalish bilan cheklanib qolayotgandi. Tadbirkor esa qulay fursatni qо‘ldan boy berishni о‘ziga ep bilmadi. Biznes-reja ishlab chiqdi. Ancha ommalashgan bо‘lsa-da, issiqxona xо‘jaligi yuritish fikriga tо‘xtaldi. Hisob-kitobga kо‘ra, 200 million sо‘m atrofida mablag‘ talab etiladi. Loyiha tegishli jamg‘armaga taqdim etildi. Tashabbus о‘zini oqlashiga shubha yо‘q, shuni e’tiborga olib, tadbirkorga  darhol moliyaviy kо‘mak kо‘rsatildi.

- 5 yilga, uning ustiga 1 yillik imtiyozli davr bilan 150 million sо‘m kredit ajratishdi, - deydi Zarif Qulmatov. - Qolgan xarajatni о‘z hisobimizdan qildik. Bultur kuzning oxirida 15 sotix maydonda issiqxonani tо‘liq barpo etib, nihollarni ham ekkandik. Yaqindan boshlab esa pishib yetilgan mahsulotning bir qismini bozorga chiqardik. Shu choqqacha 5 tonna sarxil pomidor va 3 tonna bodringni hudud aholisi dasturxoniga yetkazib berdik. Hali hosil kо‘p. Har sotixdan 3-4 tonna mahsulot olish mо‘ljalimizda yо‘q emas. Men kabi yosh tadbirkorlarga bunday imkoniyat berilgani ayni muddao bо‘ldi. Faoliyatimiz kengaydi, daromad salmog‘i oshdi. Qolaversa, qо‘shimcha ravishda 5 nafar yosh yigit-qiz foydali mehnatga jalb qilindi.

Keng kо‘lamli dastur doirasida atigi 14 ta loyiha amalga oshishi katta bir tuman uchun maqtanarli raqam emas, albatta. Chunki G‘uzorda bugun biznes boshlashga, jiddiy tadbirkorlikka qо‘l urishga chanqoq yoshlar talaygina. Shu maqsadda 2019 yilda bu hududda 50 dan ortiq tashabbusni rо‘yobga chiqarish kutilayotgani ham bejiz emas. Faqat shu yо‘nalishga ajratilayotgan imtiyozli kredit miqdori ham salmoqli - 12 milliard 810 million sо‘m.  Loyihalarning muvaffaqiyatli ishga tushishi 350 nafar insonning daromad manbaiga ega bо‘lishiga sharoit hozirlaydi. Bu tashabbuslarda ishlab chiqarish va xizmat kо‘rsatishni tashkil etishga ustuvor ahamiyat qaratilgani esa kelgusida tumanda shu tarmoqlar ravnaqiga turtki berishi aniq.

Mirzohid JО‘RAYEV 

Sobir NARZIYEV olgan surat.

"qashqadaryogz.uz" ma’lumotlari asosida

10-04-2019 |
Фото галерея