Shu yilning 12 martida ijro tartibini yanada soddalashtirish, sud va boshqa organlar hujjatlari sо‘zsiz va о‘z vaqtida ijro etilishi, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilish va ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Unga muvofiq, 2019 yil 1 apreldan sud hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga mediatsiya instituti joriy etildi. Mediatsiya - kelib chiqqan nizoni taraflar о‘zaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator kо‘magida hal qilish usuli bо‘lib, u amalga oshirilayotgan paytda ijro ishi 15 kundan kо‘p bо‘lmagan muddatga tо‘xtatib turiladi. Bunda tomonlar о‘rtasida ijro predmetiga doir kelishuv rasmiylashtirilgan hollarda ijro ishi yuritish tugatiladi.

2019 yil 1 iyundan boshlab   ijro hujjati kelib tushgandan bir ish kuni ichida ijro ishi qо‘zg‘atiladi (hozirda 3 kun ichida qо‘zg‘atiladi). Ijro harakatlari kо‘pi bilan ikki marta kechiktirilishi (avval necha marta kechiktirilishi mumkinligi qonunchilikda kо‘rsatilmagan) mumkin.

Shuningdek, 1 oktabrdan mib.uz veb-saytida bepul asosda ijro harakatlari interaktiv davlat xizmati tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim orqali, jumladan, internet tarmog‘i orqali undiruvchi va qarzdor tomonidan ijro harakatlari borishining barcha bosqichlarini kuzatish, qarzni onlayn tarzda tо‘lash va ijro hujjati bajarilganini qayd etish mumkin bо‘ladi.

О‘z navbatida Majburiy ijro byurosi tomonidan 2019 yil 1 oktabrdan boshlab ijro hujjatlarining yagona elektron bazasini yuritish tartibi joriy qilinmoqda. Bu ijro ishlarining teng va mutanosib tarzda taqsimlanishi, sifatli bajarilishi va eng muhimi bu jarayonga inson omilining ta’siri bо‘lmasligini ta’minlaydi.

Dastlab bu amaliyot eksperiment tariqasida 1 oktabrdan byuroning Toshkent shahar Yakkasaroy tumani va Navoiy shahri bо‘limlarida joriy qilinadi va ijro hujjatlarini davlat ijrochilari о‘rtasida avtomatik tarzda taqsimlash tartibi joriy qilinadi.

Endi Majburiy ijro byurosi organlari ham  kelib tushgan ijro hujjatlari bо‘yicha byuro ma’lumotlarini elektron tarzda yuritadi.

О‘z о‘rnida, undiruvchi yoki    qarzdor elektron bazasiga kirgan holda о‘ziga bog‘liq ijro hujjati qaysi bosqichga kelgani, undirish jarayoni qanday ketayotgani tо‘g‘risida onlayn rejimida ma’lumotlar olish imkoniga ega bо‘ladi.

Ijro ishi qо‘zg‘atilgani haqidagi xabar undiruvchi yoki qarzdorning elektron pochtasiga yoki mobil telefoniga SMS shaklida yuboriladi va bunda xabarning yuborilgan va uning adresat tomonidan olingani maxsus avtomatik tizim tomonidan qayd qilib boriladi. Bu amaliyot "kо‘rmay qoldim", "bexabar edim" kabi turli tushunmovchiliklarga, bahonalarga chek qо‘yishga qaratilgan.

Shuningdek, 2019 yil 1 oktabrdan Majburiy ijro byurosining rasmiy veb-saytida ijro harakatlarini avtomatik monitoring qilish bо‘yicha haq olmasdan interaktiv davlat xizmatlari kо‘rsatish tizimini tatbiq qilish ijro jarayoni ishtirokchilari, umuman, aholiga yaratilayotgan yana bir qulaylik sanaladi.

Qarorga muvofiq, MIBga shartnoma-vositachilik asoslarida sotishga topshiriladigan mol-mulkni internet-dо‘konlar jumladan, mobil ilovalar, elektron tо‘lov tizimlari orqali sotish tartibi; davlat bojlari, ma’muriy jarimalar va boshqa tо‘lovlarni elektron tо‘lov tizimlaridan foydalangan holda internet orqali tо‘lash bо‘yicha davlat xizmati; ma’muriy jarimaga tortish tо‘g‘risidagi qarorlarni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilmoqda. Bunda jarimaga tortish tо‘g‘risidagi qaror topshirilgan sanadan boshlab о‘n besh kun ichida jarima miqdorining 70 foizi ixtiyoriy ravishda tо‘langan taqdirda qolgan summani tо‘lashdan ozod etish nazarda tutiladi.

Muxtasar aytganda, mazkur о‘zgarishlar fuqarolarimiz, ijro harakatlari bо‘yicha tomonlar, shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga qulay muhit yaratish, huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda ijro harakatlarida ortiqcha vaqt sarfiga yо‘l qо‘ymaslik, huquqiy bahs-munozaralarni о‘zaro kelishuv asosida samarali hal qilishda muhim ahamiyatga ega.

Asqar PAYZIYEV,

Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi

boshlig‘i о‘rinbosari

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

08-04-2019 |
Фото галерея