LIBOSLARDAGI О‘ZLIK IFODASI

Shahrisabzda II Xalqaro milliy liboslar festivali bо‘lib о‘tdi. Turizmni rivojlantirish davlat qо‘mitasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida tashkil qilingan mazkur festivalda О‘zbekiston, Ozarbayjon, Rossiya, Gruziya, Qirg‘iziston, Turkmanistonning taniqli  dizaynerlari va modelyerlar ishtirok etdi.

Prezidentimiz taklifiga binoan Shahrisabzni "festivallar shahri"ga aylantirish borasida qator amaliy ishlar boshlangan. Xalqaro milliy liboslar festivali ham ana shu say-harakatlar natijasi bо‘lib, tadbir о‘tgan yili ilk bora о‘tkazilgan va unda dunyoning turli mamlakatlari vakillari о‘z ishlarini namoyish etishgan edi.

Bu yil ham festival yuqori saviyada tashkil etildi. Unda Rossiyaning "Asian spirit", Ozarbayjonning "Gulnara Khalilova", Turkmanistonning "Ayna izbasar", Qirg‘izistonning "Kate Zabolotnova", Qozog‘istonning "Aynura Maidanova", Gruziyaning "Ketisasbvili Mari" hamda О‘zbekistonning "Ra'no collection", "Sindor collection", "Mohigul", "Bukhara brilliant silk", "Banoras", "Guzal collection", "Istorakhan", "Nataly Kondra", "Nodirabegim", "Iroda Agzam Xoja", "Dilorom collection", "Azima", "Kafa" kabi brendlariga oid milliy liboslar kolleksiyalari namoyish etildi.

О‘zbekistonlik Iroda Agzamxо‘jayeva, qirg‘izistonlik Katya Zabolotnova va Aliya Edilova,  turkmanistonlik Ayna Izbasar tomonidan taqdim etilgan milliy liboslar ekspertlar tomonidan yuqori baholandi.

Shuningdek, festival doirasida Shahrisabz shahri tarixiy markazida о‘zbek milliy liboslari, urf-odatlari, taomlari kо‘rgazmasi, sumalak sayli, folklor dastalarining chiqishlari, dorbozlar, polvonlar musobaqalari, milliy taomlar tayyorlash hamda xorijlik dizaynerlar ishtirokidagi dizaynerlik mahorat darslari tashkil etildi.

  Sojida ALLAYOROVA

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

26-03-2019 |
Фото галерея