Qarshi shahrida ichki ishlar idoralari xodimlari uchun bunyod etilgan kо‘p qavatli uylardagi xonadonlar о‘z egalariga topshirildi.

О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 29 iyundagi "Ichki ishlar organlari xodimlarining turar joy sharoitlarini yaxshilashga doir qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi qaroriga asosan viloyat ichki ishlar idoralarida xizmat olib borayotgan xodimlardan 60 nafariga uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari asosida uy-joy berildi. 5 qavatli, har biri 3 xonadan iborat  60 xonadonni о‘z ichiga olgan 2 ta uyga sohiblari kо‘chib kirishdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimga viloyat hokimligi, ichki ishlar boshqarmasi, jamoat tashkilotlari va OAV vakillari, faxriylar taklif etildi.

Tadbirda viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyev yangi uy sohiblarini qutladi.

- Uy-joyga ega bо‘lish inson hayotida eng muhim voqealardan biri hisoblanadi, - dedi viloyat hokimi о‘z  sо‘zida. - Afsuski, mamlakatimizda uzoq yillar davomida davlat xizmatchilari, shu jumladan, ichki ishlar organlari xodimlarini turar joy bilan ta’minlashga yetarli darajada e’tibor qaratilmadi. Oqibatda zimmasida el osoyishtaligini asrashdek mas’uliyatli vazifa turgan soha xodimlari turli qiyinchiliklarga duch kelishardi, oilasi, farzandlari bilan ijarama-ijara kо‘chib yurishga ham majbur bо‘lishardi. Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda bu borada ulkan ishlar boshlandi. Tizimning fidoyi xodimlariga vohamiz markazida bunyod etilgan  shunday kо‘rkam, hayratli va haybatli binolardan uylar ajratilayotgani, tо‘lovlarni tо‘lashda vazirlik tomonidan yengillik va imtiyozlar yaratilgani mana shu   xayrli tashabbusning amaldagi ifodasi bо‘ldi.

- Mazkur uy-joylar 7 foizlik kredit asosida 15 yil muddatga berilmoqda, - deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining о‘rinbosari, podpolkovnik Shavkat Haydarov. - Shuningdek, dastlabki badal mablag‘lari uchun vazirlik tomonidan uzoq muddatli foizsiz qarzlar berilgani va boshqa imtiyozlar ham xodimlarimizga juda katta yengillik yaratdi.

Ushbu ikki kо‘p qavtli uyning qurilish ishlariga jami 6 milliard 530 million sо‘m mablag‘ sarflandi.

- Ilgari turmush о‘rtog‘imning yaqinlari bilan uch oila bir hovlida yashab kelayotgan edik, - deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimi, mayor  Nazokat Bekpо‘latova. - Yangi uyga kо‘chib о‘tgach, bir qancha tashvishlarimiz aridi. Juda minnatdormiz. Farzandlarimiz uchun maktab, bog‘cha ham uyimizga yaqingina ekan.

Qayd etish joiz, ichki ishlar idoralari xodimlari uchun xuddi shunday 30 xonadonli yana bitta kо‘p qavatli uy Shahrisabz shahrida ham bunyod etilmoqda.

Shohista BOZOROVA

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

                                                      Qashqadaryogz.uz ma’lumotolari asosida

26-06-2019 |
Фото галерея