Yurtimizda ilk bor tashkil etiladigan Xalqaro geoturistik forumi shu yil 1-3 avgust kunlari Qashqadaryoda о‘tkazilib, uning doirasida ilmiy-tadqiqot anjumani, taqdimotlar hamda Kitob davlat geologik qо‘riqxonasi, kenglik stansiyasi va Shahrisabz shahriga sayohatlar uyushtiriladi.

Bu haqda xabar tarqatgan О‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qо‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, I Xalqaro geoturistik forumi mazkur qо‘mita tomonidan Davlat geologiya va mineral resurslar qо‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Forum ishtirokchilari diqqat markazida Kitob davlat geologik qо‘riqxonasi turadi.

О‘zbekiston Milliy ensiklopediyasida qayd etilganidek, mazkur qо‘riqxona hududidagi Zinzilbon kesimida devon sistemasining xalqaro stratigrafik etalonlaridan biri, 1989 yilda devon stratigrafiyasi bо‘yicha kichik komissiyasi tomonidan tanlangan va 1996 yilda Geologiya fanlari Xalqaro uyushmasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Ems yarusining quyi stratotipi joylashgan. Shunga binoan, Kitob davlat geologik qо‘riqxonasi jahon stratigrafiya etaloni quyi devon Ems yarusi quyi chegarasi standarti yoki "Global Stratotipe and Point" - global stratotip chegarasi nuqtasining sohibi va saqlovchisi sifatida tan olindi.

- Mazkur faktlarni hisobga olgan holda forum tashkilotchilari tomonidan yangi - "Hayot boshlanishi. О‘zbekiston" turistik brendini targ‘ib qilish bо‘yicha maxsus dastur ishlab chiqish taklif etilgan, - deyiladi Turizmni rivojlantirish davlat qо‘mitasining matbuot xizmati xabarida.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida 

 

18-07-2019 |
Фото галерея