Vazirlar Mahkamasining “2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tо‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilarni о‘z ichiga oluvchi 2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi:

2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrini kompleks rivojlantirish va yangi ish о‘rinlarini tashkil etish chora-tadbirlari dasturini moliyalashtirish manbalari;

Sanoat yо‘nalishida amalga oshiriladigan istiqbolli investitsiya loyihalarining manzilli rо‘yxati;

Xizmatlar sohasi, servis infratuzilmasi, turizm va hunarmandchilikni rivojlantirish bо‘yicha amalga oshiriladigan istiqbolli investitsiya loyihalarining manzilli rо‘yxati;

Qishloq xо‘jaligi yо‘nalishida amalga oshiriladigan istiqbolli investitsiya loyihalarining manzilli rо‘yxati;

Muhandislik-kommunikatsiya, yо‘l-transport infratuzilmasini takomillashtirish, aloqa tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish hamda aholining yashash sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari;

Ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa turdagi ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash bо‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli rо‘yxati;

Irrigatsiya tizimini yaxshilash chora-tadbirlari.

Qashqadaryo viloyati hokimligi:

a) davlat va xо‘jalik boshqaruvi organlari hamda loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda:

bir oy muddatda Dasturga kiritilgan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi bо‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan о‘tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish, zamonaviy texnologik asbob-uskunalar bilan butlash va loyihalarni foydalanishga topshirishning aniq muddatlari kо‘rsatilgan tarmoq jadvallarini ishlab chiqib tasdiqlaydi;

tasdiqlangan dastur parametrlarining sо‘zsiz bajarilishini ta’minlaydi va bunda investitsiya loyihalarining о‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini, ishlab chiqarishning mо‘ljallangan hajmlari о‘zlashtirilishini va yangi ish о‘rinlari tashkil etilishini nazarda tutadi;

b) muammoli masalalarni muntazam ravishda kо‘rib chiqib, ularni hal etish yuzasidan tezkor va zarur amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda, loyihalar bajarilishi holati yuzasidan tizimli monitoring olib boradi;

v) Shahrisabz shahri hokimligi bilan birgalikda har chorak yakunida Dastur tadbirlarining о‘z vaqtida va sifatli bajarilishi bо‘yicha loyiha tashabbuskorlari faoliyatining natijadorligini tegishlicha viloyat va shahar faollari yig‘ilishlarida muhokama qiladi hamda amalga oshirilgan ishlar tо‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etib boradi.

Belgilanishicha, Shahrisabz shahrining YUNESKO Umumjahon merosi rо‘yxatiga kiritilgan qismida amalga oshiriladigan qurilish loyihalari YUNESKO Umumjahon merosi markazining faqat ijobiy xulosasi olingandan sо‘ng amalga oshiriladi.

Qashqadaryo viloyati hokimligiga О‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda xizmat kо‘rsatuvchi tijorat banklari bilan kelishgan holda, loyihalarning qiymatini va ish о‘rinlari sonini saqlab qolish sharti bilan loyihalarning tasdiqlangan manzilli rо‘yxatiga, zaruratga kо‘ra, о‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.

“О‘ztо‘qimachiliksanoati” uyushmasi Qashqadaryo viloyati hokimligi va loyiha tashabbuskori bilan birgalikda 2019 yilda “Shahrisabz tekstil” MCHJda aralash ip-kalava ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish choralarini kо‘radi.

Tijorat banklariga Dasturga kiritilgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, respublikada ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar va ularga butlovchi buyumlarni xarid qilish uchun belgilangan tartibda kreditlar, shu jumladan chet el valyutasidagi kreditlar ajratish tavsiya etildi.

                                    Viloyat hokimligi axborot xizmati

04-08-2019 |
Фото галерея