Bu yil suvli va lalmi maydonlarni qо‘shib hisoblaganda 204 ming 800 gektar maydonda  g‘alla parvarishlayotgan viloyatimiz mirishkorlari 798 ming 819 tonnalik  ulkan don xirmoni yaratish maqsadi bilan mehnat qilishmoqda.

- Yerga mehr bersangiz, agrotexnik tadbirlarni о‘z vaqtida bajarsangiz, hosil ham shunga yarasha bо‘ladi, - deydi Kasbi tumanidagi "Boqiyev Toshpо‘lat Xushovich" fermer xо‘jaligi rahbari Toshpо‘lat Boqiyev. - Dalani о‘t   bosishi, suv yoki о‘g‘itning kechikib berilishi, kasalliklarning vaqtida oldi olinmasligi hosil salmog‘iga katta ta’sir kо‘rsatishi aniq.

Xо‘jalikda о‘tgan yili 61 gektar yerda g‘alla parvarishlanib, gektaridan 70 sentnerdan hosil kо‘tarilgan edi. Bu yil fermer 38 gektar g‘allazorning har gektaridan 75 sentnerdan hosil yig‘ib olishni kо‘zlab turibdi.

Qolaversa, 2019 yil hosili uchun bug‘doyning davlat xaridi narxi avvalgi yilgidan 60 foiz yuqori belgilandi. Shu bilan bir qatorda, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan g‘alla xarid narxiga hosildorlikning gektariga 40 sentnerdan kо‘p yoki kamligiga qarab 25 foizgacha ustama yoxud chegirma qо‘llanilishi ham g‘allakorlarimizning hosil salmog‘idan manfaatdorligini yanada oshirdi.

Sobir NARZIYEV

Muallif olgan surat.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

08-04-2019 |
Фото галерея