О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019 yil 15 fevraldagi "Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik kо‘rish va uni о‘tkazish tо‘g‘risida"gi qaroriga asosan mamlakatimizda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari)ning navbatdagi saylovi shu yil may oyida о‘tkaziladigan bо‘ldi. Bu saylovda respublikada 9019 nafar, xususan, viloyatimizda 767 ta fuqarolar yig‘ini raislari saylanadi.

Avvalo, о‘zini о‘zi boshqarish deganda, fuqarolarning mahalliy ahamiyatga molik masalalarni о‘z manfaatlaridan, milliy va ma’naviy qadriyatlar, urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda hal qilish borasidagi qonunlar bilan kafolatlangan faoliyatini tushunish joiz. Konstitusiyamizning 105-moddasida "Shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari о‘zini о‘zi boshqarish organlari bо‘lib, ular raisni (oqsoqolni) saylaydi", deb belgilab qо‘yilgan.

Bu boradagi munosabatlar yangi tahrirdagi "Fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlari tо‘g‘risida"gi Qonun bilan tartibga solinib, uning 8-moddasida fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, fuqarolar yig‘ini organlari fuqarolar yig‘ini kengashi, fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yо‘nalishlari bо‘yicha 8 ta komissiya va taftish komissiyasidan iboratligi belgilangan.

Fuqarolar yig‘ini о‘zi tasdiqlagan nizom asosida faoliyat yuritadi. Fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Bosh vazir rahbarlik qiladigan respublika kengashi va hokimlar rahbarlik qiladigan hududiy kengashlar tomonidan amalga oshiriladi. Kengashga raislik jamoatchilik asosida olib boriladi.

Fuqarolar yig‘ini yig‘in raisi va kengashi tomonidan zaruratga kо‘ra, lekin har chorakda kamida bir marta chaqiriladi. Shuningdek, hududiy kengash va 18 yoshga tо‘lgan tegishli hududda yashovchi fuqarolarning kamida uchdan bir qismi tashabbusi bilan ham chaqirilishi mumkin. Fuqarolar yig‘ini fuqarolar yig‘inida ishtirok etish huquqiga ega bо‘lgan barcha aholining yarmidan kо‘prog‘i hozir bо‘lgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

Fuqarolar yig‘inini chaqirish imkoniyati bо‘lmasa, vakillar yig‘ilishi chaqiriladi. Vakillik normasini saylovni tashkil etish hamda о‘tkazishga kо‘maklashuvchi tegishli komissiya belgilaydi. Vakillarning yig‘ilishi unda vakillarning kamida uchdan ikki qismi hozir bо‘lgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

Qonunda fuqarolar yig‘inining, Kengashning va oqsoqolning vakolatlari ham belgilab berilgan. Fuqarolar yig‘ini kengashining majlisi oqsoqol tomonidan zaruratga kо‘ra, lekin oyida kamida bir marta о‘tkazilishi kerak. Kengash majlisi a’zolarning kamida uchdan ikki qismi qatnashayotgan bо‘lsa, vakolatli hisoblanadi. Kengash tarkibiga oqsoqol, uning (keksalar va faxriylar hamda yoshlar masalalari bо‘yicha maslahatchilari) о‘rinbosarlari, maslahatchilari, mas’ul kotib, tuman xotin-qizlar qо‘mitasining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bо‘yicha mutaxassisi, profilaktika inspektorlari, qishloq vrachlik punktining rahbarlari kiradi.

Oqsoqol о‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilganda, fuqarolar vakillarining yig‘ilishi qonuniy qaror qabul qilganda, muomalaga layoqatsiz deb topilganda, sudning ayblov hukmi chiqqanda va qonunda belgilangan boshqa holatlarda oqsoqolning vakolatlari muddatidan oldin tugatiladi. Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi Prezident tomonidan 2018 yil 15 oktabrda imzolangan "Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi tо‘g‘risida"gi Qonun talablari asosida amalga oshiriladi. Shu о‘rinda, qonunlarimizga kiritilgan sо‘nggi о‘zgarishlarga binoan oqsoqolning vakolat muddati 2,5 yildan 3 yilga uzaytirilgani, oqsoqol bilan maslahatchilarning saylovi alohida о‘tkazilishi, oqsoqolni saylashda saylovda ishtirok etish huquqi bо‘lgan fuqarolarning kamida 12 foizi ishtirok etishi shartligi belgilanganini ta’kidlash joiz.

Fuqarolar yig‘ini raisi saylovida shu mahalla hududida doimiy yashovchi, muomalaga layoqatli 18 yoshga tо‘lgan fuqarolar ishtirok etadi. Ishtirok etish ixtiyoriy va erkindir. Oqsoqol saylovini tashkil etish va о‘tkazish oshkoralik, muqobillik hamda teng saylov huquqi prinsiplari asosida amalga oshiriladi. Nomzod ikki va undan kо‘p bо‘lishi kerak. Saylovni о‘tkazish muddatlari saylov boshlanishidan kamida ikki oy oldin Oliy Majlis Senati Kengashi tomonidan belgilanadi.

Saylovni tashkil etish va о‘tkazish uchun fuqarolar yig‘ini (vakillar yig‘ilishi) qarori bilan ishchi guruh tuziladi. Uning tarkibiga oqsoqol, maslahatchilari, yig‘inning boshqa xodimlari, oqsoqollikka nomzodlar kiritilishi mumkin emas. Ishchi guruh fuqarolar yig‘ini (vakillar yig‘ilishi) о‘tkazilishidan kamida besh kun oldin shu hududda yashovchi fuqarolarni xabardor qiladi. Hovlilar, uylar, kо‘chalar aholisining vakillar saylovi bо‘yicha umumiy yig‘ilishlarini о‘tkazadi. Vakillar bо‘yicha bayonnomalar tuzadi. Fuqarolar fikrini inobatga olgan holda tegishli komissiyaga taqdim etish uchun oqsoqol lavozimiga nomzodlar rо‘yxatini shakllantiradi, saylovni о‘tkazadi va saylovga oid murojaatlarni kо‘rib chiqadi. Ishchi guruh oqsoqollik lavozimiga nomzodlarni saylovdan kamida о‘n kun oldin hokim bilan kelishish uchun tegishli komissiyaga taqdim etadi. Hokim nomzodlarni kо‘rib chiqib, asoslantirgan xulosalari bilan komissiyaga, komissiya ishchi guruhga yuboradi. Ishchi guruh nomzodlar rо‘yxatini saylovdan kamida besh kun oldin fuqarolar yig‘ini binosi va guzarlarga osib qо‘yadi.

Fuqarolar yig‘ini raisligiga nomzodlar О‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bо‘lishi, qoida tariqasida oliy ma’lumotga ega bо‘lishi, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan bо‘lishi, tashkilotchi, hayotiy va ish tajribasiga hamda aholi о‘rtasida obrо‘-e’tiborga ega bо‘lishi kerak. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, og‘ir yoxud о‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan va sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotganlar, harbiy xizmatchilar va diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari oqsoqollik lavozimiga saylanish uchun nomzod etib kо‘rsatilishi mumkin emas. Shu о‘rinda amaliyotda ma’lum bir soha yoki ma’lum bir mutaxassislikka ega bо‘lgan xodimlarning ommaviy ravishda oqsoqollikka saylanishi о‘zini oqlamaganini ta’kidlab о‘tish joiz.

Fuqarolar yig‘ini (vakillar yig‘ilishi) ishchi guruh rahbarligida о‘tkaziladi. Kun tartibida sanoq komissiyasini saylash va oqsoqolni saylash masalasi kо‘riladi. Sanoq komissiyasi kamida uch kishidan iborat tarkibda saylanadi. Nomzodlarning ma’ruzasi alifbo tartibida о‘tkazilib, ular о‘zining kelgusi faoliyati dasturini e’lon qiladi. Oqsoqolni saylash yashirin ovoz berish orqali amalga oshiriladi. Ovoz berish vaqtida saylov byulletenlari sanoq komissiyasi tomonidan beriladi. Byulletenga nomzodlarning familiyasi, ismi, otasining ismi alifbo tartibida kiritiladi. Ovoz beruvchi tо‘ldirilgan byulletenni saylov qutisiga tashlaydi. Saylov qutilari ovoz berish tugagandan keyin sanoq komissiyasi tomonidan ochiladi. Ovozlarni sanash natijalari bо‘yicha sanoq komissiyasi tomonidan bayonnoma tuzilib, rais va a’zolar tomonidan imzolanadi. Bayonnoma sanoq komissiyasi raisi tomonidan о‘qib eshittiriladi va fuqarolar yig‘ini (vakillar yig‘ilishi) tomonidan tasdiqlanadi.

Fuqarolar yig‘inida ishtirok etuvchilar rо‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning yarmidan kami, vakillar yig‘ilishida vakillarning uchdan ikki qismidan kami ishtirok etgan bо‘lsa, saylov о‘tmagan deb topiladi. Ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan kо‘prog‘ining ovozini olgan nomzod oqsoqol lavozimiga saylangan deb hisoblanadi. Bu haqda fuqarolar yig‘ini (vakillar yig‘ilishi) qaror qabul qiladi hamda qaror raislik qiluvchi tomonidan о‘qib eshittiriladi. Ikki nusxada bayonnoma tuzilib, bir nusxasi tuman komissiyasiga taqdim etiladi. Fuqarolar yig‘ini rais (oqsoqol)ligiga ikki nafardan ortiq nomzod qо‘yilib, birontasi ham saylanmasa, eng kо‘p ovoz olgan ikki nomzod bо‘yicha takroriy ovoz berish о‘tkaziladi. Bu vaqtda boshqa nomzodga nisbatan kо‘proq ovoz olgan nomzod oqsoqollikka saylangan hisoblanadi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylangach, fuqarolar yig‘ini (vakillar yig‘ilishi) tomonidan bir oy ichida fuqarolar yig‘ini kengashi shakllantiriladi, oqsoqolning maslahatchilari, komissiyalar va taftish komissiyasi saylanadi. Fuqarolar yig‘inining (vakillar yig‘ilishi) qarori sud orqali bekor qilinishi mumkin.

Amaliyotda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ni tuman (shahar) hokimi ishdan bо‘shatganligi tо‘g‘risidagi murojaatlar kо‘p uchraydi. Xо‘sh, hokim о‘zining qarori bilan oqsoqolni vazifasidan bо‘shatishi mumkinmi? Yо‘q. Ammo, qonunchilikda hokimlar tegishli fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bо‘yicha kengashiga jamoatchilik asosida raislik qilishi belgilab qо‘yilgan. Bu kengash oqsoqollarning axborotini eshitish vakolatiga ega. Shuningdek, fuqarolar yig‘ini (vakillar yig‘ilishi) muvofiqlashtirish kengashining tashabbusi bilan chaqirilishi mumkin. Har chorakda oqsoqol hisoboti eshitilib, uning faoliyati qoniqarsiz deb topilsa, fuqarolar yig‘ini (vakillar yig‘ilishi) qarori bilan oqsoqol vakolatlari muddatidan oldin tugatiladi.

Nazarimizda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini о‘tkazish jarayonida quyidagi masalalarga e’tibor qaratish kerak.

Birinchidan, shahar va tumanlarda tuziladigan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va о‘tkazishga kо‘maklashuvchi komissiyalarni tuzishga jiddiy e’tibor qaratib, komissiyaga tajribali va adolatli kishilarni jalb qilish kerak.

Ikkinchidan, fuqarolar yig‘inlarida tuziladigan ishchi guruhlari a’zolarini xolis, mahalla hududining har joyida yashaydigan, obrо‘-e’tiborli va diyonatli kishilardan shakllantirish zarur. Amaldagi oqsoqol о‘ziga xayrixoh ishchi guruh tuzib olgani bо‘yicha murojaatlar bо‘lgan. Shu sababli bu jarayonni tuman kо‘maklashuvchi komissiyasi nazoratga olishi kerak.

Uchinchidan, vakillarni ochiq, oshkora ravishda qishloqlar, kо‘chalar va hovlilardan teng miqdorda hurmatli kishilar orasidan saylab olish. Amaliyotda vakillarni tanlashda mahalliychilik, millatchilik, guruhbozlik, qarindosh-urug‘chilik va hatto oqsoqollikka nomzod qilib kо‘rsatilgan kishilarga tamagirlik qilish holatlari uchraydi. Bu kabi illatlarga yо‘l qо‘ymaslik zarur.

Tо‘rtinchidan, oqsoqollikka juda yosh va о‘ta keksa bо‘lmagan, sog‘lom, hayotiy tajribali, namunali oila sohibi bо‘lgan, fuqaro va davlat manfaatlarini teng qо‘ya oladigan kishilarni nomzod qilib kо‘rsatish.

Beshinchidan, oqsoqollar qо‘nimsizligiga barham berish uchun istak-xohishi yо‘q va roziligi bо‘lmagan kishilarni nomzodlar rо‘yxatiga kiritmaslik. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, ikki yil ichida Qarshi shahridagi 62 fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)dan 20 nafari, Muborak tumanidagi 29 raisdan 12 nafari, Shaxrisabz tumanidagi 35 raisdan 10 nafari, Chiroqchi tumanidagi 68 raisdan 20 nafari muddatidan oldin vazifasidan bо‘shagan.

Oltinchidan, saylovlarni haqiqatan ham muqobillik asosida tashkil qilish. Saylov kuni bir nomzodning boshqasi foydasiga nomzodini olishi, rasmiyatchilik va "tayinlash" amaliyotidan butunlay voz kechish kerak.

Yettinchidan, saylovlar oshkoralik, ochiqlik va aholining barcha qatlamlari xabardorligi, faol ishtirokida о‘tkazilishini ta’minlash.

Albatta, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi hududda yashovchi har bir fuqaro hayotida ma’lum rol о‘ynaydi, yaxshi-yomon kunlarida ishtirok etadi. Mahalladagi tinchlik-osoyishtalik, inoqlik, oilalarda barqarorlikni ta’minlash, tashabbuskorlik, bunyodkorlik va obodonchilik ishlarining boshida turadi. Shu sababli har birimiz bu saylovlarda faol ishtirok etishimiz va raislikka munosib kishilar kelishiga erishishimiz darkor.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

18-03-2019 |
Фото галерея