Qarshi shahridagi 23-sonli о‘rta maktabda buyuk bobokalonimiz Sohibqiron Amir Temur tavalludining 683 yilligi munosabati bilan harbiy xizmatchilar va о‘quvchi yoshlar uchrashuvi tashkil etildi.

Ma’lumki, mamlakatimizda yosh avlodni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish, xalq va armiya yakdilligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Turli bayramlar, tadbirlar, sanalar munosabati bilan yoshlar va harbiy xizmatchilar uchrashuvlari, о‘quvchilarning harbiy qismlarga sayohati, harbiy qurol-yarog‘lar kо‘rgazmalari tashkil etilishi an’ana tusini olgan.

Maktab va harbiy qism qо‘mondonligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda ham dastlab Amir Temurning harbiy siyosati, bunyodkorlik ishlari xususida suhbatlashildi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilarning turli jangovar elementlarni о‘zida mujassam etgan kо‘rgazmali chiqishlari, maktab о‘quvchilari tomonidan namoyish etilgan kichik sahna kо‘rinishlari, hamkorlikda arqon tortish, estafeta sport о‘yinlari, qurolni qismlarga ajratish va yig‘ish bо‘yicha musobaqalar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. 

Xuddi shunday uchrashuvlar viloyatimizdagi yana 20 ga yaqin maktablarda tashkil etildi.

J.BOYMURODOV

qashqadaryogz.uz  ma’lumotlari asosida

 

13-04-2019 |
Фото галерея