Bugun Surxondaryo viloyati Termiz shahrida I Xalqaro baxshichilik san’ati festivali boshlanadi. О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 noyabrdagi "Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini о‘tkazish tо‘g‘risida"gi qaroriga asosan tashkil etilgan  bu tadbir doirasida xorijiy va О‘zbekiston baxshichilik san’ati ustalarining yakka konsertlari, baxshi-shoir, oqin va jirovlar hamda folklor jamoalarining xalqaro kо‘rik-tanlovi, sayillar, yurtimizning dunyoga mashhur shaxslari hayoti va ijodiy faoliyati haqida zamonaviy usulda sahnalashtirilgan dastur namoyishlari, baxshichilik san’ati tarixiga oid kо‘rgazma, о‘zbek, fors, arab, ingliz va rus tillarida nashr etilgan ilmiy-tadqiqot asarlari hamda ilmiy-ma’rifiy adabiyotlar namoyish etiladi.

Festivalda 120 kishilik viloyatimiz delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Jumladan, О‘zbekiston xalq baxshilari - Qahhor va Abdimurod Rahimovlar, Ochil Chorshanbiyev hamda Maxmatmurod Rajabov kо‘p yillik an’anaga sodiq qolgan holda dostonlar kuylaydi. Shuningdek, ustozlari izidan borayotgan Chiroqchi baxshichilik maktabi  namoyondasi Sanjar CHо‘bayev, nishonlik Bobosher Mingliyev hamda Murod Aliqulov ham о‘z iste’dodini kо‘rsatishadi.

Shuningdek, xalqaro festivalda viloyatimizning "Rizvongul" hamda "Momogul" folklor-etnografik xalq ansambllari, raqqosalar jamoasi hududimizning о‘ziga xos dasturlari, viloyatning barcha shahar va tumanlarida faoliyat kо‘rsatayotgan hunarmandlar kashtachilik, gilamchilik, kulolchilik, musiqa asboblari yasash ustalarining о‘ziga xos kо‘rgazmalari bilan qatnashmoqda. Shuningdek, О‘zbekiston Badiiy akademiyasi viloyat bо‘limi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan 15 ta о‘tov, qadimiy Oqsaroy majmuasining katta hajmdagi ramziy maketi hamda qadimiy an’analar, urf-odatlarni aks ettiruvchi badiiy va amaliy kо‘rgazmalari maydonga о‘zgacha kо‘rk bag‘ishlashi, xorijlik mehmonlarni qiziqtirishi shubhasiz.

Festival davomida viloyatimiz mohir oshpazlari tomonidan tandir gо‘shti, osh, yaxna, kо‘k somsalar va boshqa milliy taomlar tayyorlanadi.

Qarorga kо‘ra, kо‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlashda tashkiliy qо‘mita tomonidan tayyorlangan diplom, statuetka va "Gran-pri"  uchun 7 ming AQSH dollari, I о‘rin (har bir yо‘nalish bо‘yicha) uchun 2 ta 5000 ming dollardan, II о‘rin (har bir yо‘nalish bо‘yicha) uchun 2 ta 3500 dollardan, III о‘rin (har bir yо‘nalish bо‘yicha) uchun 2 ta 2500 dollardan pul mukofotlari taqdim etiladi.

Festival 10 aprelga qadar davom etadi.

Ta’kidlash joiz, ushbu tadbir har ikki yilda bir marta, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida о‘tkaziladi.

  S.ALLAYOROVA

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

09-04-2019 |
Фото галерея