Kuzda ekilgan va qish bо‘yi ildiz yoyib, erta bahordan о‘sish bosqichiga о‘tgan bug‘doy maysalarining gurkirab rivojlanishi uchun aprel, may oylari eng muhim palla hisoblanadi. Aynan shu oyda maysalar tо‘plash davridan naychalash davriga о‘tadi, yetiladi.

Shu bilan birgalikda, kunlar isishi bilan g‘allazorda turli zararkunanda hasharotlar, kasalliklar ham urchiy boshlaydi. Agar о‘z vaqtida oldi olinmasa, bu hosilning salmog‘iga katta zarar yetkazishi yoki uni batamom nobud qilishi mumkin.

Viloyatimiz sharoitida don ekinlariga chigirtkalar, qо‘ng‘izlar, tunlamalar, shuningdek, shira, trips, zang va shu kabi kо‘plab kasalliklar xavf soladi. Quyida ushbu zararkunanda hasharotlar va kasalliklar, ularning oldini olish choralari haqida sо‘z yuritamiz.

Shilimshiq qurt (pyavitsa). Aynan shu nom bilan ataluvchi qо‘ng‘iz viloyatimizning barcha hududlarida keng tarqalgan bо‘lib, maysaning naychalash davrida paydo bо‘ladi va о‘simlik bargining yumshoq pо‘stini yeb bitiradi. Natijada ekinda fotosintez jarayoni tо‘xtaydi va hosildorlik keskin kamayadi. Shilimshiq qurt zarari kuchli bо‘lgan dalalarda 50 foizgacha hosil yо‘qotilishi mumkin.

Ushbu hasharot kо‘payishining oldini olish uchun g‘allani har hafta nazorat qilib turish kerak. Dalani о‘g‘itlash va sug‘orish, begona о‘tlardan tozalash bu turdagi qо‘ng‘izlar kо‘payishining oldini oladi. Shuningdek, mutaxassis bilan maslahatlashgan holda ekinzorga ruxsat etilgan kimyoviy vositalar yordamida ishlov berish ushbu hasharotga qarshi kurashishning samarali usuli hisoblanadi.

Zararli xasva. Ushbu hasharot turi bug‘doy, arpadan tashqari sholi va boshqa boshoqli ekinlarni ham zararlaydi. Xasva asosan о‘simlikning yuqori bо‘g‘im oralig‘i hamda boshoqning о‘sayotgan mayin tо‘qimalariga kelayotgan aminokislota, uglerod va suvni sо‘rib, oziqlanadi. Unga qarshi kurashish holatga qarab agrotexnik, biologik va kimyoviy usulda olib boriladi.

Agrotexnik usulda dalaga suv va о‘g‘it berilib, maysalarning chidamliligi oshirilsa, biologik usulda oltinkо‘z, telenomus, faziya pashshalari kabi entomofaglar yaxshi samara beradi.

Shuningdek, bir qator kimyoviy vositalar yordamida ushbu zararkunandaga qarshi kurash olib borish mumkin.

Bug‘doy tripsi. Ancha kichik, ammo о‘ta sо‘ruvchan bо‘lgan bu hasharot tuproq yuza harorati kamida 8 daraja issiqlikka yetganida qishlovdan chiqadi va bug‘doyning yosh naychalarini zararlay boshlaydi.

Ushbu hasharotga qarshi biologik va kimyoviy usulda kurash olib borish maqsadga muvofiq.

Shira. G‘allazorlarda shiraning bir necha turlari uchraydi. Lekin ulardan uch turi, ya’ni oddiy g‘alla biti, katta g‘alla biti va arpa biti kо‘p sonli va о‘ta zararli hisoblanadi.

Shiraga qarshi avvalo tashkiliy, xо‘jalik va dastlabki agrotexnik tadbirlarni sifatli о‘tkazish bilan kurashilsa, chidamli, tezpishar  navlarni ekish, mineral о‘g‘itlar ta’minotini tо‘g‘ri yо‘lga qо‘yish ham zararning oldini olishda juda muhim. Don shakllanishi davrida g‘allazorlarni har besh, yetti kunda nazorat qilish, agar 50 foiz о‘simlik zararlangan bо‘lsa, kimyoviy ishlov о‘tkazish zarur.

Qattiq qorakuya kasalligi. Boshoqli don ekinlari kasalliklari ichida eng ommalashagan turlardan biri hisoblanadi. Sifatsiz dorilangan urug‘likdan foydalanilganda va maysaligida yetarli darajada parvarishlanmagan pallada uchraydi. Demak, bu kasallikka qarshi kurashni urug‘lik tayyorlashdan boshlash lozim. Aksincha mо‘ljaldagi hosilni olishga erishish qiyin kechadi.

Zang kasalligi. Bug‘doyning keng tarqalgan kasalliklaridan biri hisoblanadi. Ekin maysalari u bilan ob-havo sharoitiga qarab kuz, qish oylarida (kuzda havo iliq va sernam kelsa) hamda bahorda zararlanadi. Kasallikning rivojlanishiga ob-havoning seryog‘in kelishi va tez о‘zgarib turishi sabab bо‘ladi.

Aprelning oxiri va may oyida ayniqsa kasallik avj oladi. U kuchli tarqalgan dalalarda hosildorlik 30-40 foizgacha kamayib ketishi mumkin.

Maysalarni mineral va organik о‘g‘itlar bilan meyorida oziqlantirish, urug‘lik donga ekishdan oldin mikroelementlar bilan ishlov berish ekinning zang kasalliklariga chidamliligini oshiradi.

G‘allada kasallik aniqlangan hollarda unga fungitsid bilan ishlov berish lozim. Bizda uning 30 dan oshiq turi qо‘llaniladi. Kasallikning qaysi bosqichda ekanligiga qarab, mutaxassis bilan maslahatlashgan holda vosita turi va miqdorini belgilash maqsadga muvofiq.

Un shudring kasalligi. Deyarli barcha о‘simliklarni zararlaydi. Kasallikning dastlabki belgilari о‘simlikning barglarida oq paxtasimon dog‘ qatlami hosil qilish bilan namoyon bо‘ladi. Sо‘ngra qatlam qalinlashib, kulrang yoki sarg‘ish-kulrang, bо‘rtib chiqqan yostiqchalar tusiga kiradi. Kasallik bargning pastki qismidan yuqorisiga va boshoqlarga о‘tadi va g‘alla hosildorligini 25-30 foizgacha kamaytirishi mumkin.

Un shudring kasalligi tarqalgan maysazorlarda mutaxassis bilan maslahatlashgan holda    kimyoviy ishlov о‘tkazish zarurati paydo bо‘ladi.

Ushbu tavsiyalar yuqori marrani kо‘zlagan dehqonu fermer uchun ahamiyatli. Zero, zararkunanda hasharotlar va kasalliklardan ogoh bо‘lish, g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarni о‘z vaqtida sifatli о‘tkazish, xavf alomatlari kо‘zga tashlanganda esa zudlik bilan uning oldini olish choralarini kо‘rishdan avvalo ular manfaatdor.

Yarash BО‘RIYEV, 

qishloq xо‘jaligi fanlari nomzodi

Jamshid ABDULLAYEV, mutaxassis

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

04-04-2019 |
Фото галерея