12 mart kuni Qarshi davlat universiteti va yana yettita oliy о‘quv yurtining talabalari О‘zbekistonda ilk bor mamlakat miqyosida о‘tkazilgan fransuz tilidagi diktant tanlovida ishtirok etishdi.

Fransiyaning О‘zbekistondagi elchixonasi ma’lumotlariga kо‘ra, mazkur tanlov har yili 20 martda nishonlanadigan Frankofoniya kuni, ya’ni aholisi fransuz tilida sо‘zlashadigan mamlakatlar hamkorligi tashkiloti tuzilgan sana munosabati bilan uyushtirildi. Unda О‘zbekiston Milliy va davlat jahon tillari hamda Andijon, Buxoro, Qarshi, Urganch, Farg‘ona davlat universitetlari va Samarqand davlat chet tillari instituti talabalari qatnashishdi.

-Ushbu tanlovda oliy о‘quv yurtimizda fransuz tili yо‘nalishi bо‘yicha tahsil olayotgan 82 nafar talaba va bu tilni ikkinchi chet tili sifatida о‘rganayotgan ingliz tili yо‘nalishining 18 nafar talabasi ishtirok etdi, - deydi Qarshi davlat universiteti "Fransuz tili va adabiyoti" kafedrasi mudiri, Fransiya Respublikasining "Akademik palmalar" ordeni sohibasi Aziza Zoirova. - Ular boshqa institut va universitetlarning talabalari bilan bir vaqtda tashkilotchilar tomonidan taqdim etilgan yagona matn asosida diktant yozishdi. Bu matn livanlik yozuvchi Sharif Majdalani qalamiga mansub, 2015 yilda buyuk fransuz yozuvchisi Jan Jiono nomidagi mukofotga sazovor bо‘lgan "La villa des femmes" ("Ayollar villasi") romanidan olingan.

Tanlov shartlariga kо‘ra, har bir ta’lim muassasasi eng yaxshi yozilgan 3 ta diktantni Fransiyaning О‘zbekistondagi elchixonasiga yuboradi. Shundan sо‘ng barcha ishlar orasidan 3 ta eng yaxshi ish tanlab olinadi. G‘oliblar shu yil 27 mart kuni poytaxtda bо‘lib о‘tadigan Frankofoniya bayramida taqdirlanadi.

Birodar AZIZOV

Suratda: Qarshi davlat universitetida о‘tkazilgan fransuz tilidagi diktant tanlovidan lavha.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

17-03-2019 |
Фото галерея