Yaqinda davlat ijtimoiy buyurtmalari tanlovida g‘olib deb topilgan "Yuksalish" axborot-maslahat resurs markazi "Yoshlarni tadbirkorlik sohasiga keng jalb qilish - bandlikni ta’minlashda muhim omildir" deb nomlangan muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyihani amalga oshirishga kirishdi.

О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qо‘llab-quvvatlash jamoat fondining moliyaviy kо‘magi bilan viloyat hokimligining davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida hayotga tatbiq etilayotgan mazkur loyiha doirasida ishsizlik darajasi nisbatan yuqori bо‘lgan Mirishkor va Chiroqchi tumanlarida eksperimental mahalliy rivojlanish markazlarini (MRM) tashkil etish nazarda tutilgan.

- Bu MRMlar kerakli uskunalar bilan jihozlangach, u yerda ishsiz yoshlar va kollej bitiruvchilari uchun qisqa muddatli о‘quv kurslari ochilib, tinglovchilar mehnat bozorida talab yuqori bо‘lgan kasblarga о‘qitiladi, shuningdek, ularga biznes yuritish kо‘nikmalari singdiriladi va о‘z ishini boshlashi uchun amaliy yordam kо‘rsatiladi, - deydi "Yuksalish" axborot-maslahat resurs markazi direktori Zulfiya Haydarova. - Xususan, Mirishkor tumani Jeynov qishlog‘idagi eksperimental MRMda ishsiz aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarga milliy hunarmandchilikning gilamchilik, kashtachilik, quroqchilik kabi turlari, Chiroqchi tumani markazida tashkil qilinajak MRMda esa metallga ishlov berish, mebel jihozlarini ta’mirlash va yasash yо‘nalishlari bо‘yicha kasb-hunar о‘rgatiladi. Shu tariqa Mirishkor tumanida 100 nafar, Chiroqchi tumanida esa 120 nafar yoshni о‘qitib, ularning mehnat bozorida о‘z о‘rnini egallashi va doimiy daromad manbalariga ega bо‘lishi uchun zamin hozirlanadi. Loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida viloyat hamda Mirishkor va Chiroqchi tumanlari hokimliklari, viloyat bandlik bosh boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, "Hunarmand" uyushmasi hamda yana kо‘plab tashkilotlar bilan amaliy hamkorlik qilish nazarda tutilgan.

Bir yilga mо‘ljallangan loyihani rо‘yobga chiqarish uchun О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa    institutlarini qо‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 200 million sо‘m ajratilgan. Bu mablag‘ning asosiy qismi eksperimental mahalliy rivojlanish markazlari uchun zarur о‘quv-ishlab chiqarish uskunalari va materiallar xarid qilishga yо‘naltiriladi.

Temur NIZOMOV

                                                                                                            Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

05-07-2019 |
Фото галерея