Xabaringiz bor, Prezidentning О‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan 2017 yil 3 avgust kuni о‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi taklifiga asosan yurtimizdagi yetakchi ijodiy tashkilotlarning "Dо‘stlar klubi" tashkil etilib, ularga yirik korxona, bank va kompaniyalar homiy sifatida biriktirilgan edi. Shunga muvofiq viloyat musiqali drama teatri va viloyat hokimligi о‘rtasida ham "Dо‘stlar klubi" doirasida qator ijobiy ishlar bajarilayotganini qayd etish lozim.

Xususan, viloyat teatrining moddiy-texnika bazasi yanada mustahkamlandi. Zamonaviy kompyuterlar, mebel jihozlari keltirilib, konditsionerlar о‘rnatildi, aktyorlar grim xonalarida qulay sharoitlar yaratildi. Eshik va romlar, tomosha zali о‘rindiqlari almashtirildi, zalning isitish va sovutish tizimi yaxshilanib, badiiy bezak ishlari bajarildi. "Isuzu" rusumli yangi avtobus xarid qilingani teatr jamoasining chekka hududlarda bо‘lish imkoniyatini oshirdi. Teatr binosi yonida, markaziy kо‘chalarga monitorlar qо‘yilib, teatr ixtiyoriga berildi. Xavfsizlik va jamoat tartibini saqlash maqsadida kuzatuv kameralari о‘rnatildi.

- Albatta, rag‘bat harakatga undaydi, - deydi viloyat musiqali drama teatri direktori О‘tkir Mahmatqulov. - Xususan, "Ehtirom-2018" tanlovida "Oq kema" yilning eng yaxshi spektakli deb topildi. 10-15 iyun kunlari teatr jamoasi "Seni kuylaymiz zamondosh!" V respublika kо‘rik-festivali munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida bо‘lib qaytdi. Ushbu  festivalda jamoamiz "Xushvaqt" spektakli bilan ishtirok etib, Momosuluv obrazini yaratgan teatr aktrisasi Sojida Ashirova "Eng yaxshi ayol roli uchun" nominatsiyasida g‘olib bо‘ldi. Albatta, ijobiy о‘zgarishlar viloyat teatrini san’atga ixlosmand kishilar qadami arimaydigan maskanga aylantirishi shubhasiz.

Ma’lumot о‘rnida shuni ham aytish joiz, shu yilning 3-4 iyul kunlari ushbu teatrda О‘zbekiston Respublikasida xizmat kо‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli rejissyor Bahodir Nazarov  tomonidan Uzeir Gadjibekovning musiqali komediyasi asosida sahnalashtirilgan "Arshin mal alan" spektakli namoyishi ham bо‘lib о‘tdi.

N.XО‘JAYEV

                                                                                                           Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

05-07-2019 |
Фото галерея