Statistik ma’lumotlarga kо‘ra, о‘tgan 2018 yil davomida viloyatimizda 1 million 116 ming 300 tonna sut ishlab chiqarilgan. Buning 97,4 foizi shaxsiy yordamchi xо‘jaliklar, ya’ni aholi hissasiga tо‘g‘ri keladi.

Kо‘rinadiki, hudud aholisida chorva mahsulotlari yetishtirish borasida juda katta salohiyat mavjud. Ammo odamlar bu ishning haqiqiy daromadini his qilish uchun mahsulotga talab ham yuqori bо‘lishi lozim.

Misol uchun, chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan aholi vakillari uzoq yillar davomida molni asosan gо‘shtga boqishgani, sut va sut mahsulotlari ortidan daromad olishga esa qiziqish bо‘lmagani sir emas. Sababi, sutni qayta ishlash kam kuzatilgan, xomashyoga talab ham shunga mos bо‘lgan. Bugun esa aksincha...

G‘uzor tumanida faoliyat yuritayotgan "Fauna klass" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati sutni qayta ishlashga ixtisoslashgan.

- Zamonaviy texnologiyalar asosida kefir, qaymoq, sariyog‘, pishloq, pishloq qalamchalari va shu kabi 10 turga yaqin mahsulotlar tayyorlaymiz, - deydi korxona ish yurituvchisi Rahim Tо‘rayev. - Mahsulotning bir qismini shartnoma asosida hududdagi korxona va tashkilotlarga yetkazib bersak, bir qismi ichki bozor orqali sotiladi. Har kuni talabga qarab 400 litrdan 1 tonnaga qadar sutni qayta ishlaymiz.

Korxona mas’ulining ta’kidlashicha, bir necha ishchi har kuni erta tongdan tumanning turli qishloq va mahallalariga borib, aholidan sut sotib oladi va shu sexga keltirib topshiradi. Bundan aholi ham manfaat kо‘rayapti, korxona ham.

Jahongir  BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan surat.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida 

 

18-07-2019 |
Фото галерея