1970 yilda G‘uzor tumanida tug‘ilgan Islom Tog‘ayev (ism va familiyalar о‘zgartirilgan) shu vaqtga qadar bir qator korxona va tashkilotlarda mas’ul vazifalarda ishlagan. Shu bilan birga, о‘tgan davr mobaynida о‘z nafsini jilovlay olmagani, noqonuniy boylik orttirish maqsadida mansab vakolatini suiiste’mol qilgani, qing‘ir ishlarga qо‘l urgani uchun ikki marotaba sudlanishga ham ulgurgan.

U dastlab 2001 yilda Jinoyat kodeksining 214-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, sud tomonidan qonuniy jazoga tortilgan bо‘lsa, 2015 yilda shu kodeksning 167-moddasi bir nechta bandlarida kо‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Ammo bu gal amnistiya asosida muqarrar jazodan qutulib qolgan.

Bu faktlarni keltirganim bejizga emas. Har ikki holatda ham nafs yо‘lida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, sudning qora kursisiga о‘tirgan Islom Tog‘ayev oradan kо‘p о‘tmay yana bir mas’uliyatli vazifa - Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining fuqarolarni chet ellarda ishga joylashtirish bо‘yicha Qarshi mintaqaviy byurosi direktori lavozimiga tayinlanadi.

Shuncha mashmas’halardan sо‘ng uning bu lavozimga qanday kelib qolgani alohida mavzu. Ammo avval qilgan jinoiy qilmishlari uchun tavbasiga tayanmagan bu inson о‘zini ijobiy tomondan kо‘rsatish, berilgan imkon va bildirilgan ishonchni oqlash о‘rniga yana qanday qilib bо‘lsa-da, tezroq chо‘ntagini qappaytirib olish harakatiga tushib ketdi. Buning eng oson yо‘li xorijda ishlash istagida qabuliga keluvchilarning qо‘ynini puch yong‘oqqa tо‘ldirib, bor-budini ham qoqib olish bо‘lib tuyuldi unga.

Islom Tog‘ayevning tuzog‘iga tushganlardan biri Kasbi tumani Toshqо‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi Adham Asadov bо‘ldi. U "Agar tanishlaring bо‘lsa olib kel, xorijga yaxshi ishga jо‘nataman" degan va’daga ishonib, uch nafar qarindoshini ham byuro direktori huzuriga yetaklab keldi. Savlat tо‘kib turgan mansabdor esa ularni Yaponiya davlatiga ishga yuborishni va’da qilib, har biridan 1500 AQSH dollaridan, jami 4500 AQSH dollarini sanab oldi.

Ishtaha ovqat paytida keladi deganlaridek, oson qо‘lga kiritilgan pul "mehri" Islom Tog‘ayevni yana shu ishga unday boshlaydi. U 2017 yil iyun oyining boshida fuqarolar Abdulla Mavlonov, Komil Oripov va Behruz Musayevga ham xorijga ishga yuborishni va’da qilib, 1500 AQSH dollaridan oladi.

Shuningdek, xorijga ishga ketayotgan kо‘plab fuqarolardan "Hujjatlaringni tо‘g‘rilash uchun pul kerak", degan aldov bilan asossiz ravishda 150 ming sо‘mdan undira boshlaydi.

Aytish joizki, Islom Tog‘ayev ushbu lavozimda bor-yо‘g‘i bir yil ishlagan. Biroq, ana shu muddatda о‘zgalarni aldab, firibgarlik yо‘li bilan topgan pullari juda katta miqdorni tashkil etadi.

 Xalqimizda "Qing‘ir ish - keltirar tashvish" degan naql bor. Islom Tog‘ayevning qing‘ir ishi uni yana sudning qora kursisiga yetakladi. Jinoyat ishlari bо‘yicha Qarshi shahar sudining ochiq sud majlisida u tomonidan sodir etilgan jinoyat ishi kо‘rib chiqilib, aybdorga nisbatan belgilangan tartibda jazo tayinlandi.

Muhammadrasul KARIMOV,

Qarshi shahar prokurorining katta yordamchisi

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

09-07-2019 |
Фото галерея