Ixtiyorida kamida 10 sotix yeri bor odamni, bir oilani, ehtiyojmand deb bо‘ladimi?! Fikrimizcha, yо‘q. Chunki bu ochiq kо‘rinib turgan imkoniyat va shu bilan ham kishi о‘z rо‘zg‘orini butlolmasligi, turmushida ijobiy о‘zgarish qilolmasligiga ishonish qiyin, albatta. Hayhotdek tomorqasi bо‘la turib, biror foydali ishning boshini tutmagan odamda yo omilkorlik yetishmaydi, yoki о‘zi ishyoqmas bо‘lib, bahona topishdan nariga о‘tmaydi.

G‘uzor tumani Gulshan mahallasida yashovchi, nafaqa yoshidagi Manzura Rо‘ziboyeva va uning о‘g‘liyu kelinini avval birinchi toifaga kiritish mumkin edi. Bundan ikki-uch yil oldin ularning tomorqaga qarovi kо‘ngildagidek emasdi. 20 sotix atrofidagi yerni maqsadli ishlatishmasdi hisob. Ushbu xonadon vakillari sо‘zlariga kо‘ra, bunga sabab xohish yо‘qligida emas, balki dehqonchilik borasida uquvi kamligi, qachon nima ekib-parvarishlashni yaxshi bilishmaganida bо‘lgan.

- Shu desangiz, u-bu kishidan sо‘rab о‘rgandik, maslahat oldik, - deydi M.Rо‘ziboyevaning о‘g‘li Sherzod Karimov. - Sug‘orish muammo edi, salmoqli mablag‘ sarflab, yer ostidan suv chiqardik. Mahalliy о‘g‘it solib, yerni boyitdik. Bultur kuzda tajriba uchun barcha yerimizga sarimsoq piyoz ekkandik. Barra-barra bо‘lib chiqqan zahoti, tup-tup о‘rab, bozorga chiqardik. Daromad yomon bо‘lmadi. Shu birgina kо‘kat puliga 2 bosh buzoq sotib oldik. Mana, keladigan foyda mazasini ham bilib oldik, endi tomorqani hech bо‘sh qoldirmaymiz.

Xonadon sohibi oyning yarmini ishda, qolganini uyda о‘tkazishini, sо‘nggi paytda hamma bir bо‘lib, bо‘sh vaqtni shu yerga sarf qilayotganini aytadi. Tomorqaga unnagach, oylik maoshga qо‘l tekkizmay, rо‘zg‘orning bor kam-kо‘stini dehqonchilikdan topilayotgan daromad hisobidan qoplashayotgan ekan. Bir sotix joyda yoy shaklida ixcham issiqxona tashkil etib, petrushka, shivit singari kо‘katlarni yetishtirishni ham yо‘lga qо‘yishgan. Sarimsoq piyozdan bо‘shagan maydonga esa allaqachon kartoshka urug‘i, pomidor, bulg‘or qalampiri nihollari qadalgan. Kelgusida oila a’zolari sovuq kunlarda ham maxsus sharoitda mahsulot yetishtirib, yil davomida foydali mashg‘ulot bilan band bо‘lishni maqsad qilishgan.

Mirzohid JО‘RAYEV

Sobir NARZIYEV olgan surat.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

09-04-2019 |
Фото галерея