Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga kо‘ra, har yili dunyo miqyosida 370 mingdan ziyod ayolda bachadon bо‘yni saratoni qayd etilib, shulardan 190 ming nafari ushbu kasallik oqibatida vafot etadi. Mamlakatimizda esa har yili 1 ming 800 nafarga yaqin ayolga bachadon bо‘yni saratoni tashxisi qо‘yiladi. Shundan 760 nafardan ziyodi, ya’ni 42 foizi kasallik oqibatida hayotdan kо‘z yumadi.

Bachadon bо‘yni saratoniga uchraganlarning 99 foizi odam papilloma virusi orqali ushbu xastalikni yuqtiradi. Ayni jihatlar hisobga olinib, О‘zbekistonda odam papillomasi virusiga qarshi vaksina joriy qilinmoqda.

Xо‘sh, ushbu vaksina bilan kimlar emlanadi? U salbiy ta’sir kо‘rsatmaydimi? Ushbu savollar bilan viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi immunoprofilaktika bо‘limi mudiri Omon ISMOILOVga  murojaat qildik.

- Ushbu vaksina bilan joriy yilning oktabr oyidan boshlab mamlakatimizdagi 400 ming nafarga yaqin tо‘qqiz yoshli qizlar maktablarda va tibbiyotning birlamchi bо‘g‘inlarida emlanadi, - deydi mutaxassis. - Hozirda vaksina haqida barcha tibbiyot muassasalarida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Keyingi bosqichda maktablarda ota-onalarga zarur tushuncha va kо‘rsatmalar beriladi. Bunda mahalla fuqarolar yig‘inlari faollarini hududlardagi oilaviy poliklinikalarga biriktirish kо‘zda tutilgan.

Aytish joiz, yurtimizda ayollarda bachadon bо‘yni saratoni xastaligi eng kо‘p uchraydigan saraton kasalliklari orasida ikkinchi о‘rinda turadi. Xavflilik kо‘rsatkichi bо‘yicha barcha yoshdagi ayollar о‘rtasida kо‘krak bezi va oshqozon saratoni xastaliklaridan keyin uchinchi, tug‘ish yoshidagi ayollar orasida о‘lim kо‘rsatkichi bо‘yicha ikkinchi о‘rindadir.

Ahamiyatlisi, yangi  vaksina ushbu kasallikning oldini olishga xizmat qiladi. Kо‘pchilikni vaksina qizlarning reproduktiv faoliyatiga salbiy ta’sir kо‘rsatmaydimi, degan savol qiziqtirishi tabiiy. Tajribalarda ma’lum bо‘lishicha, emlash qizlarni nafaqat bachadon bо‘yni saratonidan himoyalaydi, balki ularning sog‘lig‘ini yanada mustahkamlaydi.

Vaksina 74 ta davlatning milliy emlash taqvimiga kiritilgan bо‘lib, tajribalar uning samarasi 10 yildan ortiq ekanini kо‘rsatmoqda.

Shohista BOZOROVA yozib oldi.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

26-03-2019 |
Фото галерея