Amir Temur tavalludining 683 yilligi bor u zot tug‘ilgan joy – hozirgi Yakkabog‘ tumanidagi Xо‘jailg‘or qishlog‘ida keng miqyosda nishonlanmoqda. Amir Temur faoliyati va о‘sha davr hayotini aks ettiruvchi kompozitsiyalar yaratilgan.   

Xо‘jailg‘or qishlog‘i viloyatning tuman va qishloqlaridan, yurtimizning barcha hududlaridan kelgan yurtdoshlarimizni о‘z bag‘riga chorladi. Eng fayzli va tarixiy gо‘sha – buyuk Sohibqiron tug‘ilishi bilan bog‘liq deb hisoblanadigan qadimiy quduqqa tutash maydonda teatrlashgan-badiiy konsert dasturi namoyish etildi.

6 gektarlik Amir Temur bog‘ida Sohibqiron yoshlik yillariga bag‘ishlangan muzey tashkil etildi. Muzey va bog‘ uchun aynan ushbu hudud tanlangani bejiz emas. Manbalarga kо‘ra, Amir Temur shu yerdagi kо‘hna quduq yonida tug‘ilgan va qadimiy xaritalarga tayanib topilgan mazkur suv inshooti ayni paytda tiklangan. Qolaversa, qishloqda islom olamining ulug‘laridan biri Xо‘ja Muhammad ibn al-Qosim maqbarasi, Amir Temur otasi davrida qurilgan masjid mehrobi saqlanib qolgan.

Xо‘jailg‘or qishlog‘idagi qadimiy quduq, Amir Temur yoshligida kо‘targan polvontosh, о‘sha davrlardan beri saqlanib kelayotgan masjid mehrobi va qadimiy tut daraxtlari о‘zgacha manzarani kasb etgan.

Tadbirga yanada kо‘tarinkilik bag‘ishlash maqsadida Amir Temur davrini aks ettirgan teatrlashgan sahna kо‘rinishlari namoyish etildi.

Tadbirda viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyev sо‘zga chiqib, Amir Temur va temuriylar dunyo sivilizatsiyasiga salmoqli hissa qо‘shgani, shu bois biz ular bilan hamisha faxrlanishimiz, buyuk ajdodlarimizga munosib bо‘lishimiz lozimligini ta’kidladi. О‘z navbatida xalqaro va mamlakat miqyosidagi turli tanlovlar, musobaqalarda yuqori о‘rinlarni zabt etgan mahalliy yoshlarni nomma-nom e’tirof etib, ularni tabrikladi.

Milliy hunarmandlik namunalari, xalq о‘yinlari namoyishi, etnografik chiqishlar, Amir Temur davrini eslatuvchi uyg‘un kompozitsiya, о‘tovlar barchani xayolan tarix og‘ushiga yetakladi.

                                                                                                           Suratlarni  Murod Komilov olgan

10-04-2019 |
Фото галерея