G‘uzorda sayyor qabul

Davlat rahbarining 2019 yil 8 yanvardagi qarori hamda 17 yanvardagi "Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi farmoni ijrosi yuzasidan О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyat Xalq qabulxonasi mudiri Abduhalim Xolmaxmatov hamda viloyat hokimining о‘rinbosari, xotin-qizlar qо‘mitasi raisi Maxsuda Mustafayeva G‘uzor tumanida sayyor qabul о‘tkazdi.

Sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilot, korxona va muassasalar, ularning tumandagi quyi tizimi rahbarlari ishtirok etgan tadbirda g‘uzorliklar kommunal soha, uy-joy, bandlik, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ayrim kо‘ngilsiz holatlarni bartaraf etish kabi masalalar yuzasidan murojaat qilishdi. 315 murojaatning 85 tasi joyida hal etildi. О‘rganish talab etadiganlarining yechimi bо‘yicha aniq muddatli chora-tadbirlar belgilanib, mutasaddilar zimmasiga vazifalar yuklandi.

Xо‘jaguzar mahallasilik Alisher Rahmatullayevning tabiiy gaz ta’minoti va oqova suv, bо‘stonlik Oqbuta Boboyevning qishloq avtomobil yо‘lini ta’mirlash, Buyukkarvonyо‘lida yashovchi Rо‘zi Xolmanovaning mahalla hududidan о‘tgan magistral avtomobil yо‘lida anchadan beri ta’mirlash ishlari yakunlanmagani va eski simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish kabi murojaatlari tez orada hal etilishi aytildi.

Shu bilan bir qatorda, Mash’al qishlog‘ida yashovchi T.Nomozovaga, gulshanlik SH.Boltayevaga oilaviy sharoitini yaxshilash uchun 20 boshdan tovuq kataklari bilan berildi, yakkadaraxtlik G.Alpomishevaga pul kо‘rinishida moddiy yordam kо‘rsatildi, yangikentlik M.Turdiyeva sayyor qabuldan 3 bosh qо‘y bilan, chuqurlik G.Tilovova, xumdonlik M.Hoshimova tikish mashinasi bilan uyga qaytishdi. Yana kо‘plab ehtiyoji bor kishilar nogironlik aravachasiga, boshqalari davolanish uchun yо‘llanmalarga ega bо‘lishdi. Uy-joyi uchun kadastr hujjati tayyorlash masalasida yordam sо‘raganlarga joyida tegishli hujjatlar rasmiylashtirib berildi.

Odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bо‘lish, og‘irini yengil qilish fuqarolarning davlat va jamiyatga bо‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishi ushbu sayyor qabul davomida ham yana bir bor о‘z isbotini topdi.

N.XО‘JAYEV

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

"qashqadaryogz.uz" ma’lumotlari asosida

10-04-2019 |
Фото галерея