"Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tо‘g‘risida"gi Qonun talablariga binoan viloyat hokimligi tomonidan 2019 yilning birinchi yarmi davomida viloyat, tuman va shaharlar hokimliklariga tushgan murojaatlar tahlil qilindi. Maqsad murojaatlar bilan ishlashda kelgusidagi vazifalar va yо‘nalishlarni belgilab olishdir. Zero, har bir fuqaroning muammosini qonuniy, asosli va adolatli hal qilish orqali ularni davlat, davlat xizmatchilari, jamiyat va hayotdan rozi qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifasi hisoblanadi.

Tahlil qilinayotgan vaqt ichida viloyat, tuman va shaharlar hokimliklariga jami 40 ming 252 ta murojaat kelib tushgan bо‘lib, shundan 13 ming 416 tasi Prezident virtual qabulxonasi orqali, 26 ming 836 tasi bevosita yо‘llangan. Hokimliklarga kelgan murojaatlarning 18 ming 61 tasi yozma, 8502 tasi og‘zaki va 273 tasi elektron murojaatlardir. Bevosita hokimliklarga yо‘llangan 26 ming 836 murojaatning 11 ming 596 tasi qanoatlantirilgan, 7941 tasi bо‘yicha tushuntirish berilgan, 85 tasi kо‘rmasdan qoldirilgan, 415 tasi rad etilgan, 5678 tasi tegishliligi bо‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan va qolganlari о‘rganish jarayonida. Ushbu raqamlar bitta savolni kо‘ndalang qо‘yadi oldimizga: xо‘sh, nega murojaatlar oqimi yuqoriligicha qolmoqda?

Viloyat hokimligiga jismoniy va yuridik shaxslardan 4934 ta, Qarshi shahar hokimligiga 4911 ta, Shahrisabz, G‘uzor va Yakkabog‘ tumanlari hokimliklarining har biriga uch mingtadan oshiq murojaat bо‘lgan. Eng kam murojaatlar Mirishkor tumani hokimligiga - 694 ta, Muborak va Kasbi tumanlari hokimliklarining har birida bu kо‘rsatkich mingtadan oshiqroq bо‘lgan.

Viloyat hokimi tomonidan 557 nafar, viloyat hokimining о‘rinbosarlari tomonidan 1032 nafar fuqaro bevosita viloyat hokimligida qabul qilingan. Shuningdek, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari, joylardagi sayyor va shaxsiy qabullar hamda sektor rahbarlari tomonidan uyma-uy yurish vaqtida ham qabullar о‘tkazilib, kо‘plab muammolar joyida hal etilgan.

Prezident virtual qabulxonasi orqali tushgan murojaatlarga e’tibor qilsak, bu kо‘rsatkich о‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1470 taga kamaygan. Ushbu yо‘nalishdagi eng kо‘p murojaatlar Qarshi shahri (1880 ta), Dehqonobod tumani (1325 ta) va Chiroqchi tumani (1104 ta)ga, eng kam murojaatlar esa Mirishkor, Muborak va Kasbi tumanlariga tо‘g‘ri keladi. Virtual qabulxona orqali kelgan murojaatlarning 8070 tasi qanoatlantirilgan bо‘lsa, 507 tasi takroriy murojaatlardir. 242 ta murojaat о‘n besh va 81 murojaat о‘ttiz kundan oshiq muddatda hal etilgan. Murojaatlarni о‘z vaqtida qonuniy, asosli va adolatli kо‘rib chiqmagan 71 nafar mas’ul xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Murojaatlar asosan uy-joy va uy-joy qurish uchun yer uchastkasi olish, nafaqa va moddiy yordam ajratish, ishga joylashish, sog‘lig‘ini tiklash, fermer xо‘jaligi faoliyati, tadbirkorlik va kredit olish, yо‘llarni ta’mirlash, suv, elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq masalalardir. Bu muammolar viloyat bо‘yicha tahlil qilinib, tegishli  dasturlar asosida hal etib borilmoqda.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini о‘z vaqtida, qonuniy va asosli hal qilish uchun nima qilish kerak? Nazarimizda asosan ikki masalaga e’tibor qaratish kerak. Birinchidan, murojaatlar bilan ishlashda davlat organlari mas’ul shaxslarining javobgarlik masalasini kuchaytirish lozim. Ikkinchidan, fuqarolarimizning murojaatlarga oid huquqiy bilim va huquqiy madaniyatini oshirishga e’tiborni kuchaytirib borish kerak.

Zero, fuqarolarimiz о‘zi kо‘tarayotgan muammoning qayerda, qaysi davlat organi va kim bilan hal etilishini yaxshi bilsa, masala shunchalik tez, qonuniy yechim topadi. Shunga erishsak, hech bir fuqaro boshqa idorada hal bо‘ladigan masala bо‘yicha о‘zga joylarda sarson bо‘lib yurmaydi. Ana shunda tuman (shahar) va mahallada hal bо‘ladigan masala bо‘yicha turli respublika, viloyat idoralarida bir xil mazmundagi arizalar kо‘paymaydi hamda murojaatlar soni sun’iy ravishda oshib ketmaydi.

Murojaatlar bilan ishlashni yanada yaxshilash, murojaat qiluvchilarni qanoatlantirish va rozi qilish hamda takroriy shikoyatlarni kamaytirish uchun "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tо‘g‘risida"gi Qonun talablariga rioya etilishini qat’iy ta’minlash kerak. Ikkinchidan, murojaat qiluvchini yaxshilab eshitish va tinglash kerak. Uchinchidan, murojaatni о‘rganish vaqtida murojaat qiluvchining ishtirokini ta’minlash kerak. Tо‘rtinchidan, murojaatni о‘rganish vaqtida tо‘plangan materiallar bilan murojaat qiluvchini tanishtirish va berilayotgan javobning mazmunini tushuntirish kerak. Beshinchidan, murojaat qiluvchining talabi asossiz bо‘lsa, unga bu harakati noqonuniy ekanini tushuntirish va uni qanoatlantiradigan asosli takliflarni tavsiya qilish lozim. Oltinchidan, о‘rganish natijalari bо‘yicha javob murojaat qiluvchiga yetib borishini ta’minlash shart. Yettinchidan, mas’ul davlat xizmatchilari hamda murojaat qiluvchining mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish kerak. Shundagina bu borada ham adolat tamoyillari ustuvorlik kasb etadi.

Abdishukur OMONOV,

huquqshunos

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida 

 

 

 

18-07-2019 |
Фото галерея