Bugun mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlikka aholi bandligini oshirishning maqbul yechimi sifatida qaralayapti. Albatta, bu har tomonlama yaxshi yondashuv. Bekorchilik, ishsizlik avvalo oila a’zolarining foydali ish bilan lozim darajada shug‘ullana olmayotganidan kelib chiqadi. Ularni biznesga jalb etish, kishilarda ishbilarmonlik kо‘nikmasini shakllantirish yuqori samara beradi.

Isbot о‘laroq quyidagi statistikani keltirish mumkin. 2019 yil 1 iyun holatida viloyatimizda mavjud oilaviy korxonalar soni 971 tani tashkil etgan. Shuning 950 dan ziyodi tо‘laqonli faoliyat kо‘rsatayapti. Muhim jihati, bu fursatda qariyb 300 yangi oilaviy korxona ishga tushgan. О‘tgan yilning xuddi shu davri bilan solishtirsak, bu borada jiddiy о‘sish borligini kо‘rish mumkin. Atigi bir yil avval rо‘yxatdan о‘tgan oilaviy korxonalar soni 602 ta bо‘lgan, xolos. Ushbu kо‘rsatkichlar viloyatimizda ham oilaviy tadbirkorlikka qiziqish oshayotgani va u biznes yuritishning qulay shakli sifatida tobora ommalashib borayotganini bildiradi.

Shahrisabz shahridagi "Ali Mak biznes hamkor" oilaviy korxonasi ish boshlaganiga ham kо‘p bо‘lmagan. Milliy shirinliklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur quvvat bir oila a’zolarining xayrli tashabbusi mahsulidir.

- О‘zimizga yaqin soha va shu bilan birga ishlash oson bо‘lgani uchun shu faoliyat yо‘nalishini tanlaganmiz, - deydi korxona rahbari Farhod G‘ulomov. - Ishlab chiqarish sexini yо‘lga qо‘yish uchun 100 million sо‘m sarfladik. Bu yerda energiya tejamkor pechlar va uskunalar о‘rnatilgan.  Hozirda hudud aholisiga 30 xilga yaqin milliy shirinlik yetkazib berayapmiz. Mahsulotni shahrimizdagi dо‘konlarga tarqatamiz. Yollanma ishchilarni qо‘shib hisoblaganda 5 kishi foydali mehnat bilan band etilgan.

Tadbirkor oilaviy korxonani yuritish har jihatdan qulay va serdaromad faoliyat ekanini aytadi. Faqat biznes yо‘nalishini tanlashda adashmaslik kerak. E’tiborlisi, bugungi kunda viloyatimizdagi oilaviy tadbirkorlik subyektlari hudud iqtisodiyotining deyarli barcha jabhalariga jalb qilingan. Misol uchun, oilaviy korxonalarning 31 foizi sanoat tarmog‘ida, 20 foizdan ortig‘i yashash va ovqatlanish xizmati kо‘rsatish sohasida band. 17 foizi qishloq xо‘jaligi ishlab chiqarishi, yana shunchasi savdo faoliyati bilan mashg‘ul. 30 ta oilaviy korxona ixtisosligi esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar kо‘rsatishga taalluqli.

 Mirzohid JО‘RAYEV

                                                                                                          Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

05-07-2019 |
Фото галерея