Avval xabar berganimizdek, Prezidentning 2019 yil 6 martdagi "8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash tо‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, turli sohalarda alohida tashabbus kо‘rsatib, samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi. Ular orasida fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bо‘yicha Yakkabog‘ tumani kengashi raisining diniy-ma’rifiy masalalar bо‘yicha о‘rinbosari Mexriniso Komalova ham bor.

- Mahalla uchun biror xayrli ishni amalga oshirsangiz, uning samarasi uzoq kuttirmaydi, - deydi M.Komalova. - Biz ham eng chekka hududlarga borib, bolalarni kitob о‘qishga jalb qildik. Uyida dars qilishi uchun yetarli sharoiti bо‘lmagan oilalarga kirib, sharoit hozirlashga urindik. Hozir о‘sha bolalarni uchratib qolsam, kо‘zlari porlab salom berishadi, men quvonib ketaman. Ertaga ana shu qorakо‘zlar yurt koriga kamarbasta insonlar bо‘lib voyaga yetishiga chin dildan ishonaman. Ana shu ishonch yangi tashabbuslarga qanot beradi.

Darhaqiqat, muammoning katta-kichigi bо‘lmaydi. E’tiborlisi, tumanda mahalla tizimi mutasaddilari oila masalasiga alohida e’tibor qaratishgan. Shuning ortidan imkon qadar ixcham tо‘ylar, dabdabasiz marosimlar о‘tkazishiga erishilmoqda.

- Ba’zi kishilar uchun mahalla-kо‘y aralashuvi, yо‘l-yо‘riq berishi erish tuyuladi, - deydi Mexriniso Komalova. - Biroq kо‘pgina muammolar gap-sо‘zi о‘tkir, obrо‘li keksalar bilan oqilona hal bо‘lishi mumkin. Shu orqali nizoli, ajrim yoqasidagi oilalarda muhit yaxshilandi.

Fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bо‘yicha tuman kengashi xotin-qizlar qо‘mitasi bilan birgalikda "Tadbirkor - elga madadkor", "Hunar - hunardan unar", "Qо‘li guldir о‘zbek ayolin" kabi tadbirlarni tashkil etib bormoqda. Natijada birgina CHо‘mich mahallasidagi 38 nafar qizning kashta, tikuvchilik, gilamdо‘zlik, zardо‘zlik tо‘garaklarida bandligi ta’minlandi. Shuningdek, yordamga muhtoj, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolganlar, jumladan, nogironligi bо‘lgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam kо‘rsatish bо‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilayotir.

- Bahorning ilk kunlari - Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasidagi xushxabar meni quvontirdi, - deydi Mexriniso Komalova. - Muhtaram Prezidentimiz farmoniga kо‘ra "Shuhrat" medali bilan mukofotlandim. Bu - 44 yillik mehnatimning e’tirofi, qadrlanishi, rag‘bati bо‘ldi. Yanada samarali mehnat qilishga undadi.

Shohista BOZOROVA

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

17-03-2019 |
Фото галерея