Faoliyati zamon talabiga mos emasligi, bozor munosabatlari sharoitida kuchli raqobatga dosh berolmagani sabab о‘tgan davrda kо‘plab davlat korxonalari ishdan tо‘xtagani sir emas. Natijada bо‘sh turgan, foydalanilmay yotgan yirik-yirik bino-inshootlar, harakatsiz quvvatlar soni kо‘paydi. Quruq savlat tо‘kib turgan bunday imoratlar, ulardagi eskirib qolgan texnologiyalardan esa davlatga ham, jamiyatga ham foyda yо‘q. Eng maqbuli ular negizida samarali ishlarga qо‘l urishdir.

Hozirda yurtimizda qо‘llanayotgan xususiylashtirish amaliyotidan ham aynan shu maqsad kо‘zlangan. Bо‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlari, qurilishi tugallanmagan obyektlar muayyan majburiyatlar evaziga tadbirkorlarga taqdim etilmoqda. YA’ni mazkur davlat kо‘chmas mulklari negizida yangi quvvatlar tashkil etilib, xaridorgir mahsulot ishlab chiqarish yo xizmat kо‘rsatish yо‘lga qо‘yiladi, yangi ish о‘rinlari yaratiladi.

Muhimi, bu amaliyot tajribadan juda yaxshi о‘tdi. Shu choqqacha yuzlab bino-inshootga sarmoya kiritilib, ularning maqsadli ishlatilishi ta’minlangani fikrimiz isbotidir. Ammo bekor yotgan davlat mulki obyektlari hali ham yо‘q emas. Galdagi vazifa ularni xususiylashtirish jarayonini yanada soddalashtirish, tizimning shaffof ishlashiga sharoit hozirlashdan iborat. Muddao - ushbu bino-inshootlar haqiqiy tadbirkor, tashabbuskor qо‘liga tegsin, ertaga ulardan ishlab chiqarish uchungina foydalansin.

Prezidentning 2019 yil 19 fevraldagi "Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish bо‘yicha qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi farmoni bu borada muhim qadam bо‘ldi. Mazkur hujjat bilan davlat mulki obyektini sotib olish, о‘z zimmasiga tegishli majburiyatni ham qabul qilish istagidagi ishbilarmonlarga qо‘shimcha qulaylik taqdim etildi.

Asosiy yangilik sifatida quyidagilarni aytish mumkin. Agar sal avval davlat mulki obyektlarini investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda 1 sо‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narxda "E-IJRO AUKSION" elektron savdo maydonchasida auksion savdosiga chiqarish orqali sotish tartibi joriy qilingan bо‘lsa, mazkur farmonga muvofiq ushbu eksperimentni о‘tkazish muddati 2020 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi.  Demak, kutilgan natija о‘zini oqladiki, shunday yо‘l tutildi.

Shuningdek, farmonga kо‘ra davlat mulki obyektlarini (aksiyalardan tashqari) sotish bо‘yicha savdolar va 2019 yil 1 iyuldan boshlab davlat kо‘chmas mulk obyektlarini ijaraga berish bо‘yicha savdolar "E-IJRO AUKSION" elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshirilishi hamda "E-IJRO AUKSION" elektron savdo maydonchasiga 1 sо‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narx bо‘yicha qо‘yilgan davlat kо‘chmas mulk obyektlari ular tо‘liq sotilmagunga qadar savdolardan olinmasligi belgilab berildi.

Bu hujjat ijrosini viloyatimiz misolida kо‘rib chiqadigan bо‘lsak,        dastlabki natija ijobiy ekani kо‘rinadi. Foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari va yer uchastkalariga bо‘lgan huquqlarni tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyektlariga sotishni jadallashtirish maqsadida qator choralar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Jumladan, birgina 2019 yilning о‘tgan davri mobaynida viloyatda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar evaziga 22 ta foydalanilmasdan bо‘sh turgan davlat mulki obyekti "E-IJRO AUKSION" elektron savdo maydonchasi orqali salohiyatli tadbirkorlarga 13 milliard sо‘mlik investitsiya kiritish va 265 ta yangi ish о‘rni yaratish sharti bilan sotilishi ta’minlandi.

Ahamiyatlisi, yangi tartib kuchga kirishi bilan avvalgi xususiylashtirish tartiblariga asosan ommaviy savdolarga chiqarilib sotilmasdan turgan bir qator obyektlarning savdosi ham tezlashdi.  Misol uchun, Nishon tumani Nuriston qо‘rg‘onida joylashgan, "Talimarjon IES" unitar korxonasiga qarashli "BSU-75 beton zavodi" bino-inshootlaridan unumli foydalanishga da’vogar topildi. Salohiyatli tadbirkor 500 million sо‘m investitsiya kiritish, tejamkor isitish pechlariga yonilg‘i xom ashyosi ishlab chiqarish faoliyatini tashkil qilishni о‘z bо‘yniga oldi. Loyiha doirasida 10 nafar kishi doimiy ish о‘rniga ega bо‘lishi lozim.

Muborak tumani Geolog mahallasi hududida joylashgan, tuman obodonlashtirish boshqarmasi balansida bо‘lgan bо‘sh turgan (sobiq "Muborak tayyorlovsavdo" MCHJga tegishli) omborxona binosidan ham samarali foydalanish imkoni tug‘ildi. Mahalliy ishbilarmon 2 milliard sо‘m sarmoya sarflab, tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishni yо‘lga qо‘yish tashabbusi bilan chiqdi. Loyiha ijtimoiy ahamiyati shundaki, yangi quvvat barqaror ishlashi uchun 30 nafar ishchi talab etiladi. 

Yakkabog‘ tumanidagi "Saxovat" bolalar oromgohiga bolalar kelmay qо‘yganiga, obyekt qarovsiz qolib ketganiga ham kо‘p bо‘ldi. Oromgohning xushmanzara hududda joylashgani esa qо‘lida yaxshi biznes-g‘oyasi bor har qanday tadbirkor uchun yaxshi bir imkoniyatdir. Ushbu mulk ham elektron auksion savdosiga chiqarilgach, uni sotib olish, tadbirkorlik maqsadida foydalanishga talabgor mavjudligi ayon bо‘ldi. Savdo g‘olibi - "Oq-Saroy oromgohi" MCHJ tomonidan bu joyni yana gavjо‘m gо‘shaga aylantirish uchun taklif berildi. Loyiha qiymati 1 milliard sо‘mga baholangan. Faoliyat yо‘nalishi о‘zgarmaydi, 3 yil muddatda tadbirkor dam olish maskani tashkil etib, sifatli xizmat kо‘rsatishni yо‘lga qо‘yish say-harakatida.

Jismoniy shaxs Shokirjon Xonnazarov esa Mirishkor tumanidagi bо‘sh turgan dala shiyponi va kо‘tarma ayvon binosida samarali faoliyatni tashkil etishga ixtiyor bildirdi. Ishbilarmon 67 ming AQSH dollari evaziga chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirmoqchi.

Muborak tumanidagi foydalanilmayotgan ma’muriy binoni elektron auksionda sotib olgan Qodirbek Ergashevning ham loyihasi istiqbolli. Investor mulk negizida savdo dо‘koni, sartaroshxona, poyabzal ustaxonasi va boshqa shoxobchalarni о‘z ichiga olgan xizmat kо‘rsatish majmuasini ishga tushirish uchun 800 million sо‘m mablag‘ning bahridan о‘tishga tayyor. Bu tashabbusni 1 yil ichida tо‘la rо‘yobga chiqarib, 5 kishining bandligini ta’minlash majburiyatini ham olgan.

Shuni alohida qayd etish joizki, ayni paytga qadar "E-IJRO AUKSION" elektron savdo maydonchasida auksionga chiqarish orqali viloyatimizdagi 37 ta bо‘sh turgan davlat kо‘chmas mulk obyekti sotilishiga erishildi. Tadbirkorlar esa ularga jami 18 milliard sо‘m va 217 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya yо‘naltirish bо‘yicha majburiyatlar olishgan. Muddatlar aniq, niyati jiddiy ishbilarmon о‘z ishiga ham shunday munosabatda bо‘layapti. Loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun amaliy ishlar boshlangan. Ularning ishga tushishi iste’mol bozoriga qо‘shimcha xaridorgir mahsulot taklif etilishiga yо‘l ochadi, shu bilan birga 390 nafarga yaqin kishining doimiy ish joyi va daromadga muntazam ega bо‘lishi ta’minlanadi.

Xulosa о‘rnida aytganda, xususiylashtirish jabhasidagi bu о‘zgarishlar tadbirkorlar uchun juda katta qulaylik bо‘ldi. Ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qо‘yilib, har xil byurokratik tо‘siqlar olib tashlandi. Savdolar barchaning kо‘z о‘ngida, teng raqobat sharoitida, shaffof о‘tishiga, davlat mulki tashabbuskor tadbirkorlarga berilishiga puxta zamin hozirlangan. Endilikda hamma gap  xususiy sektor vakillarining bu imkoniyatlardan qay darajada foydalana bilishidadir.

Jamshid YО‘LDOSHEV,

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

viloyat hududiy boshqarmasi mutaxassisi

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

29-06-2019 |
Фото галерея