G‘uzor tumani vohamizning sanoatlashgan hududlaridan biri hisoblanadi. Ushbu mintaqaning viloyat miqyosida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmidagi ulushi salmoqli.  Joriy yilning dastlabki ikki oyida mazkur hududda qiymati qariyb 600 milliard sо‘mga teng sanoat tovarlari ishlab chiqarilgani ham fikrimiz tasdig‘i bо‘la oladi. Ammo bu tо‘la xursand bо‘lish uchun yetarli emas. Negaki bu kо‘lamning asosiy qismi tumandagi yirik industriya hissasiga tо‘g‘ri keladi. Kichik biznes vakillari esa iste’mol bozoriga bu turdagi mahsulotlarning atigi 1,7 foizini yetkazib berayapti, xolos.

G‘uzor tumanida joylashgan, sanoat yо‘nalishidagi "Golden Zohirshoh" mas’uliyati cheklangan jamiyati ham о‘z faoliyatini о‘tgan yili boshlagan. Bugungi kunda korxona tomonidan alyumin profilli eshik-romlar, vitrajlar ishlab chiqarilmoqda. Asosan aholi buyurtmasi bо‘yicha ish olib borayotgan tadbirkorlik subyekti bultur 1 milliard sо‘mlikdan ortiq mahsulotni realizatsiya qilishga erishgan.

- Mahsuldorlikni bu darajaga yetkazishning о‘zi bо‘lgani yо‘q, - deydi korxona ish yurituvchisi Asror Soatov. - Biznesni kengaytirish maqsadida qiymati 400 million sо‘mlik loyihani rо‘yobga chiqardik. Gap shundaki, yosh tadbirkor bо‘lganim uchun "Yoshlar - kelajagimiz" dasturi doirasida moliyaviy kо‘mak olishni о‘ylab yurgandik. 2018 yili yozda jamg‘armaning hududiy bо‘limiga taklif berdik. Tashabbusimiz qо‘llab-quvvatlanib, 250 million sо‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Qolgani о‘z sarmoyamiz. Loyiha tez fursatda amalga oshdi. Mablag‘ni xom ashyo va zamonaviy dastgohlar xarid qilishga ishlatdik. Qо‘shimcha 4 ta ish о‘rni yaratdik. Mana, korxonamizda ishlab chiqarish о‘sishiga turtki bо‘lgan asosiy omil. Joriy yilda ham kо‘rsatkichlarni yaxshilash, qо‘shimcha yо‘nalish sifatida issiqxona sharoitida mahsulot yetishtirishni tashkil etishni mо‘ljallayapmiz.

Qayd etish joiz, 2019 yil boshidan buyon G‘uzor tumanida bor yо‘g‘i 10 dan ortiq yangi sanoat quvvati tashkil etilgan. Bu kо‘rsatkich hududlar kesimida eng past natija sanaladi. Albatta, mavjud holat hududda ayni yо‘nalishda kо‘proq ish olib borish kerakligini, ayniqsa, oziq va nooziq-ovqat yо‘nalishida yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi-yangi sanoat korxonalari faoliyatini yо‘lga qо‘yish zaruratini namoyon etadi. Modomiki, muhim xom ashyo resurslariga ega G‘uzordek hududda bunga barcha sharoit bor.

Mirzohid JО‘RAYEV 

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

"qashqadaryogz.uz" ma’lumotlari asosida

10-04-2019 |
Фото галерея