Kecha Murotjon Azimov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatda “Sayxunobod, Uychi va Zarbdor tajribalari”ni keng joriy qilish, bandlikni taʼminlash, aholini biznesga jalb etish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun sharoit yaratish, muammoli kreditlar ulushini qisqartirish, joriy yil chaqiruv mavsumida safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatining tashkil etilishi hamda Hisob palatasi tomonidan davlat xaridlarining qonuniyligi yuzasidan viloyatda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.

Viloyat hokimi har bir masalaga atroflicha to‘xtalib, yutuq va kamchiliklarga alohida eʼtibor qaratdi. Shuningdek, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash, viloyat markazi hisoblangan Qarshi shahrida obodonlashtirish ishlarini olib borish, har bir tashkilot va muassasada o‘z hududini toza va fayzli saqlashi kerakligi taʼkidlandi.

Yig‘ilish kun tartibidagi masalalarni bajarilishiga eʼtiborsizlik bilan qaraganligi uchun 22 nafar masʼullar lavozimidan ozod etildi. 29 nafarini vazifasidan ozod etish bo‘yicha Respublika rahbariyatiga taqdimnoma kiritiladigan bo‘ldi. 41 nafar masʼullarga navbatdagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan bo‘lsa, 27 nafarining faoliyati qoniqarsiz deb topilib, keyingi chorak yakunlari bo‘yicha ijobiy o‘zgarish qilmagan taqdirda, ularga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Bundan tashqari viloyatdagi Axborot xizmatlari va OAV vakillariga ijtimoiy roliklar, ish o‘rinlari eʼlonlari, imtiyozli kredit hamda subsidiyalarga oid materiallarni keng jamoatchilikka yetib borishi uchun targ‘ibotini kuchaytirish vazifasi topshirildi.

14-05-2024 |
Foto galereya