Assalomu alaykum, aziz do‘stlar!

Qadrli jurnalist va blogerlar!

Soha rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan muhtaram faxriylar!

Barchangizni 27 - iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman. Mashaqqatli va sharafli kasb ortidan hamisha el duosini olib, eʼzoz topishingizga tilakdoshman.

Bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Barcha sohalar kabi axborot maydonida ham sog‘lom raqobat muhiti keskin tus olayapti. Turli sinov va murakkab sharoitda jamoatchilikning fikrini shakllantirish, g‘oyaga qarshi g‘oya, fikrga qarshi maʼrifat bilan javob berish vazifasi barchamizni, ayniqsa Siz – ommaviy axborot vositalari xodimlarining oldiga yangidan yangi talab va vazifalarni qo‘ymoqda.

Yon-atrofda ro‘y berayotgan voqeliklarni tahlil qilish, tezkor va haqqoniy yoritish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlashga xolislik, teran nigoh, o‘tkir fikr bilan yondashishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Ayni shu o‘rinda bir hayotiy haqiqatni aytib o‘tmoqchiman. Axborot maydonida raqobat muhiti keskin rivojlangan bir paytda o‘z so‘zi va fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan, xalq va Vatan manfaati uchun halovatidan kechib, hamisha halollik va professional salohiyat bilan faoliyat olib borayotgan soha xodimlari hamisha eʼzoz va ehtiromga munosib.

Albatta, O‘zbekistonda va viloyatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va qo‘lga kiritilayotgan yutuq va marralarda Sizlarning munosib hissangiz bor.

Muhtaram Prezidentimizning taʼkidlaganidek: “Muxtasar aytganda, kuyunchak va olijanob jurnalistlarimiz, faol blogerlarimiz o‘zlarining qatʼiy pozitsiyasi, haqqoniy so‘zi bilan hayotimizdagi o‘tkir muammolarni hal etish, islohotlarimizning samarasini oshirish, yurtdoshlarimizning fikrini, dunyoqarashini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqdalar”.

Bugun yurtimizda jamoatchilikning fikrini tinglash, ijtimoiy-siyosiy jarayondagi faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayapti. Jamiyatda uchrayotgan kamchilik va muammolarni dadil ko‘tarib chiqish orqali aholining murojaat madaniyati oshib bormoqda. Natijada odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni tezkor o‘rganish va bartaraf etish imkoniyati yaratilmoqda. Mamlakatimiz miqyosida amalga oshirilayotgan uzoq muddatli dasturlar yurtdoshlarimizning fikri, tashabbuslari asosida ishlab chiqilmoqda. Bu jarayonda Sizlarning xizmatingiz alohida tahsinga sazovor.

Qadrli tadbir ishtirokchilari!

Bugun viloyatimizda 2 ta telekanal, bitta radio, rasman ro‘yxatga olingan 4 ta sayt, ko‘plab faol blogerlar faoliyat yuritmoqda. Bosma ommaviy axborot vositalarining soni 39 taga yetdi.

74 ta matbaa korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan 6 yil bilan taqqoslaganda bu ko‘rsatkich  20 taga oshgan. Amalga oshirilayotgan yangiliklarning mazmun-mohiyatini yanada kengroq yoritish maqsadida tizimli asosda press-turlar, seminar- treninglar hamda rahbar xodimlar ishtirokida matbuot anjumanlari tashkil etilayapti.

2023-yilda jami 347 ta ana shunday tadbir o‘tkazilgan bo‘lsa, ishlab chiqilgan reja, dastur doirasida joriy yilning o‘tgan davrida viloyat miqyosida 179 dan ortiq press-tur va anjumanlar, jurnalist, blogerlarning kasbiy mahorati va malakasini oshirish maqsadida 14 ta seminar-trening va tajribali soha vakillari ishtirokida 10 ta mahorat darsi o‘tkazildi. Tashkilot va korxonalarda soha xodimlarining samarali faoliyat olib borishi uchun zarur moddiy-texnik bazani yaxshilash, zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan,  yangi uyg‘onish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Ayni bu jarayonda xalqimiz sizdan, yaʼni ijodkor, jurnalistlardan qatʼiy iroda, azmu shijoat bilan ish tutishni, xolis va haqqoniy bo‘lishni, fidoyilik va vatanparvarlikni kutadi. Bu yo‘lda o‘z halovatidan kechib, kunu tun mehnat qilayotgan, so‘z, tasvir, ovoz, mahoratu, fikr orqali kishilar qalbiga maʼrifat ulashayotgan soha xodimlariga yuksak ehtiromimni bildiraman.

Sizlarni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, ijodiy yutuqlar, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

 

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

27-06-2024 |
Foto galereya