Kecha Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda avtomobil va temir yo‘l bo‘ylari, daryo va kanal yoqalarida, mahallada, ko‘chada, ko‘p qavatli massivlarda daraxt va gul ekish hamda ozodalikni taʼminlash bo‘yicha hudud rahbarlariga topshiriqlar berilgan edi.
Bugun "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida davlat ahamiyatidagi A-380, “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynau” va A-378 hamda boshqa ko‘p qatnovli yo‘llarda viloyat tashkilotlari, Qarshi shahri, Qarshi, G‘uzor, Yakkabog‘, Ko‘kdala, Koson, Qamashi, Dehqonobod, Muborak va Shahrisabz tumanlari hokimliklari tomonidan ommaviy ko‘chat ekish tadbirlari o‘tkazildi.
Ko‘chat ekish jarayonlarida ishtirok etgan viloyat hokimi har bir niholni parvarishlash va asrab qolishga barcha birdek masʼulligini taʼkidladi.
- Kecha yig‘ilishda Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek, ekilgan ko‘chatlarning unib-o‘sishi va to‘g‘ri parvarish qilinishiga alohida eʼtibor berish lozim, - dedi Murotjon Azimov. - Shuningdek, chiqindi poligonlarini tartibga keltirish, aholi yashash joylaridan chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketish va qayta ishlash bo‘yicha ham rejalarimiz bor. Fidoyi tadbirkorlarimiz bilan birgalikda yana 71 ta chiqindi yig‘ish shoxobchasini qurib, ularda yashil hudud xodimlari uchun xona bo‘lishi va videokamera bilan jihozlanishi taʼminlanadi. 63 ta maxsus texnika va 580 ta chiqindi konteynerlari olib kelinadi.
Maʼlumot uchun, masʼullar tomonidan taʼkidlanishicha, bugun avtomobil yo‘li bo‘ylariga 217 mingdan ziyod daraxt ko‘chatlari ekilibdi.