Tariximizga ehtiromi baland bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizni hamda muzeylarimizning fidoyi xodimlarini 18-may – Xalqaro muzeylar kuni bilan tabriklayman!

Muzeylar bu ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy xazinadir. Ular faqatgina madaniy qadriyatlar namoyishigina bo‘lib qolmasdan, kelgusi taraqqiyotimizni belgilashda o‘ziga xos mayoq ham hisoblanadi.

Muhtaram Prezidentimiz qayd etganidek, hozirgi vaqtda mamlakatimizda muhim Uyg‘onish jarayoni kechmoqda. Shuning uchun “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” so‘zlari hayotimizda o‘zaro uyg‘un va hamohang bo‘lib yangramoqda, xalqimizni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirmoqda. Shubhasiz, bu jarayonda tariximiz ko‘zgusi bo‘lgan muzeylarimizning o‘rni va ahamiyati beqiyos.

Ayni paytda viloyatimizda vohamizning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylangan Qashqadaryo tarixi va madaniyati muzeyi, Qarshi davlat universiteti huzuridagi Qatag‘on qurbonlari muzeyi va Shahrisabz davlat muzey-qo‘riqxonasi samarali faoliyat olib bormoqda. Ularni boyitib borish, hatto xalqaro doirada ham alohida qadrlanadigan bebaho osori atiqalarini o‘rganish, asrab-avaylash, kelajak avlodlarga yetkazish burchimizdir. Ulug‘ tariximizdan saboq beruvchi bu noyob xazinalar, ayniqsa, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, turizmni rivojlantirishda juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ulug‘ tariximiz va yorug‘ kelajagimizni bog‘lab turadigan ezgulik ko‘priklarining posbonlari - fidoyi muzey xodimlarining sharafli ishlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz!

 

Murotjon Azimov, Qashqadaryo viloyati hokimi.

18-05-2024 |
Foto galereya