“Hududlarning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va bo‘sh yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori (PQ-245-son, 08.07.2024 y.) qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28.11.2023-yildagi “Qashqadaryo viloyatining tog‘li rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm obeʼktlarini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-376-son qarori 6-bandiga asosan, Shahrisabz tumani hududida xususiy investitsiyalarni jalb qilgan holda 2024-2025-yillarda qo‘shimcha mehmonxonalar, mehmon uylari, xizmat ko‘rsatish majmualari va dam olish maskanlarini qurish maqsadida bo‘sh yer uchastkalarini 10 yil muddatda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan auksion savdolariga chiqarish belgilangan.

Qarorda yer uchastkalarini 10 yil muddatda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilganda, foiz to‘lanmasligi masalasi qayd qilinmaganligi sababli, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan auksion savdosi orqali realizatsiya qilingan yer uchastkalari to‘lovi uchun 35 foiz dastlabki to‘lov amalga oshirilmaganda, yillik foizlar hisoblanib, tadbirkorlarga bir qator qiyinchiliklar keltirib chiqardi.

Bunday holat kelgusida tashabbuskorlarning sotuvga chiqariladigan yer uchastkalari bo‘yicha qiziqishini pasaytirish bilan birga muayyan qo‘shimcha xarajatlar qilishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.

PQ-245-son Prezident qarorining qabul qilinishi natijasida 01.01.2024-yildan 31.12.2025-yilga qadar elektron auksion savdolarida realizatsiya qilingan yer uchastkalari bo‘yicha dastlabki to‘lov summasi 15 foizdan ko‘p bo‘lgan hollarda qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi bo‘yicha foizlar hisoblanmaydi.

Shuningdek, auksion g‘olibi tomonidan dastlabki to‘lov summasining kamida 15 foizi to‘langanda, unga yer uchastkasiga bo‘lgan ijara va mulk huquqini kredit taʼminoti sifatida garovga qo‘yish huquqi berildi.

Foto galereya