Davlatimiz rahbarining joriy yil 28-iyul kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, bu borada beshlik va mahalla faollarining masʼuliyatini oshirish, kriminogen vaziyatni jilovlash bo‘yicha masʼullarga aniq vazifalar qo‘yib, bergan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat hokimi Murotjon Azimov G‘uzor tumanidagi mahallalar profilaktika inspektorlari bilan muloqot qilib, ularning taklif va muammolarini tingladi.

Unda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, aholining osoyishtaligi, eng avvalo, mahallada jinoyatlarni oldini olish, ijtimoiy profilaktikani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, kriminogen vaziyatni mahallalarda jilovlashda mahalla oqsoqollari va nuroniylar ko‘magidan samarali foydalanish lozimligi, bu esa profilaktika inspektorining ishini yengillashtirish bilan birga ish natijadorligini oshishiga ham xizmat qilishi taʼkidlandi.

Suhbat davomida soha xodimlari o‘z xizmat faoliyatida vujudga kelayotgan baʼzi muammolar yuzasidan sektor rahbarlariga murojaat qilishdi. Barcha ko‘tarilgan masalalar nazoratga olinib, ijrosi bo‘yicha masʼullarga muddatlari aniq belgilangan manzilli topshiriqlar berildi.

Maʼlumot uchun, shu kunning o‘zida “Do‘ltali” MFY hududida mahalla huquq-tartibot maskani va profilaktika inspektoriga xizmat uyi foydalanishga topshirildi.

31-08-2023 |
Foto galereya