Viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi sektor rahbarlari kuni kecha Yakkabog‘ tumanida bo'lib, bir qator iqtisodiy va ijtimoiy qurilish obyektlari hamda markaziy dehqon bozori faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Dastlab sektor rahbarlari tuman mas'ullari ishtirokida "Esat" mahalla fuqarolar yig‘inida barpo etilayotgan paxta yog‘i ishlab chiqarish korxonasining qurilish jarayonlari bilan tanishdi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 125,2 mlrd. so‘mni tashkil etib, 150 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Yillik quvvati esa 15 ming 400 tonnani tashkil etadi.

Shundan so'ng rahbarlar yana bir korxona qurilishi, ya'ni "Oqsaroy klaster" MCHJ tomonidan barpo etilayotgan loyihaning umumiy qiymati 19.6 million AQSH dollarini tashkil etuvchi hamda 600 ta yangi ish o‘rni yaratuvchi tekstil korxonasining qurilish ishlari bugungi kunda jadal suratlarda davom etayotganini ko'zdan kechirdi.

Shuningdek, viloyat hokimi Murotjon Azimov Yakkabog' markaziy dehqon bozori hududini mas'ullar ishtirokida aylanib, oziq-ovqat mahsulotlari narx-navosi, tozalik va sharoitlar bilan qiziqdi. Kamchiliklar yuzasidan tuman sektor rahbarlariga tegishli topshiriqlar berdi. U yerdagi savdogar va xaridorlar bilan muloqot qilingan holda mavjud muammo va kamchiliklar bo‘yicha ularning taklif hamda shikoyatlari eshitildi.

Viloyat hokimi Yakkabog‘dagi o‘rganishlarining keyingi manzilida tumandagi "Sharofat ona Qahramon qizi" MCHJ muzlatgichlari va sok ishlab chiqaruvchi zavod hamda jamiyatga tegishli bog‘dagi mevali daraxtlarni parvarishlash jarayonlari bilan tanishdi.

Shu yerning o‘zida viloyat hokimi tumani mas’ullari bilan qisqa muhokama o‘tkazib, har bir mahsulotni yetishtirish yoki ishlab chiqarishda sifat va xaridor manfaatlari ustunligiga alohida e’tibor qaratishni, tadbirkorlarni doimiy qo‘llab-quvvatlashni ta’kidladi. Prezidentimiz tomonlaridan ularga berilayotgan imtiyoz va subsidiyalarni doimiy ravishda targ‘ibotini olib borish kerakligiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Yakunda qurilish sohasi vakillari bilan ham uchrashib, “Ayg‘irko‘l” mahallasi hududidagi "Yangi O‘zbekiston massivi" loyihasi asosida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uy-joylarning qurilish va kommunikatsiya ishlari bilan tanishdi, mas’ullarga birinchi navbatda sifatli uy-joylar qurish lozimligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Ma'lumot uchun, massivda 2022-2023-yillarda jami 50 ta 5 qavatli zamonaviy uy-joylar qurilish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda qurilish tashkilotlari tomonidan ishlar davom etmoqda.

Bundan tashqari ushbu massiv hududida besh qavatli "Eko bozor", 1 ta 330 o‘rinli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 1 ta 120 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti va boshqa turdagi xizmat ko'rsatish hamda ko'ng'ilochar binolar qurish rejalashtirilgan.

25-01-2023 |
Foto galereya