Viloyat hokimligi majlislar zalida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi ishchi guruhining viloyatda olib borgan o‘rganishlari yakuni bo‘yicha palata raisining o‘rinbosari Bahodir Turapov va viloyat hokimi Zoyir Mirzayevlar axborot berdi. 
 
Tahlillarga ko‘ra, hisobot davrida viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 13.2 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 119 foizga oshgan. Shuningdek, 9 oylikda byudjetga 2.188 mlrd. so‘m tushum tushirilib, 124 foizga bajarilgan.
 
Ammo, kamchiliklar ham yo‘q emas. Palata o‘rganishlarida 27 ta yirik korxonalar tomonidan sotilgan mahsulotlar va ko‘rsatilgan xizmatlar qiymati 9 oylik statistika hisobotlarida 1.141. mlrd. so‘m, soliq ma’lumotlarida esa 1.018 mlrd. so‘mni tashkil etib, 127 mlrd. so‘m farq yuzaga kelgani aniqlandi.
 
 
Joriy yilning 1 oktyabr holatiga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i qarzi 61 mlrd.ga, yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i qarzi 49.1 mlrd.ga yetgan. Bu holatlar aholi o‘rtasida soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash bo‘yicha targ‘ibot ishlarini samarali tashkil etilmaganidan dalolat berishi ta’kidlandi. 
 
- Qarzdorlar ichida tashkilot rahbarlari, Yakkabog‘ va Qarshi tumani hokimlarining o‘rinbosarlari ham borligi achinarli holat, - dedi Zoyir Mirzayev. 
 
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga 10,3 mlrd. so‘mlik subsidiyalar, 209,6 mlrd. so‘mlik imtiyozli kreditlar, 496 nafar talabalarga 2,2 mlrd.so‘m kontrakt pullari to‘lab berilgan quvonarli. Ammo, ayrim sektor kotiblarining e’tiborsizligi sabab Yoshlar agentligining viloyat boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan platforma (elektron baza) ma’lumotlari hamda Markaziy bankning kredit ajratilganligi to‘g‘risidagi elektron bazasi bilan solishtirilganida kreditlar ajratilgan 588 nafar yoshlar bo‘yicha farq aniqlandi. 
 
 
Shuningdek, yig‘ilishda qurilish, qishloq xo‘jaligi, hududiy investisiya va mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari ham tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi va yuqoridagi barcha sohalardagi kamchiliklarni bartaraf etish, har bir sohani rivojlantirishda mas’ullar mas’uliyatini oshirish bo‘yicha ishlarni to‘g‘ri tashkil etish kerakligi ta’kidlandi.
13-11-2021 |
Foto galereya