Mang‘it maydoni jihatdan tumandagi yirik mahallalardan biri hisoblanadi. Mahalla fuqarolar yig‘ini 29 ta ko‘chaga bo‘lingan va ularda 1 514 ta oila, 1 122 ta xonadon va jami 6 193 nafar aholi istiqomat qilmoqda.

Hozirda “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” dasturi doirasida mahalla infratuzilmasi tubdan o‘zgarmoqda. Yo‘l taʼmiri, elektr, gaz va ichimlik suv taʼminoti yaxshilanmoqda, ijtimoiy obyektlar, aholi xonadonlari obodonlashtirilmoqda.

Mahallada bo‘lgan viloyat hokimi Murotjon Azimov va vazir o‘rinbosari Botir Parpiyev ijtimoiy obyektlar holatini o‘rgandi. Xususan, mahalla hududida joylashgan "Markaziy o‘yingoh"da bo‘lib, maydonni obodonlashtirish va taʼmirlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, ko‘prik qurilishi, 17-maktab taʼmiri va qabristonlarni obodonlashtirish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

Bundan tashqari, viloyat hokimi oilaviy bolalar uylari tashkil qilinishi bilan tumanda o‘z faoliyatini yakunlagan 4-sonli Mehribonlik uyi binosidan samarali foydalanish maqsadida faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan ixtisoslashtirilgan maktabga ham tashrif buyurdi va u yerda o‘quv yiliga tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Ishlarni sifatli tashkil qilish hamda maktab hududini obodonlashtirish yuzasidan masʼullarga ko‘rsatmalar berdi.

Maʼlumot o‘rnida, yangi o‘quv yilida ushbu maktabda 170 nafarga yaqin o‘quvchilar taʼlim olishni boshlaydi.

01-08-2023 |
Foto galereya