Qadrli do‘stlar! Xonimlar va janoblar!
Tadbir ishtirokchilari! hurmatli mehmonlar!
Ko‘hna va hamisha navqiron shahar - Shahrisabzga xush kelibsiz!
Avvalambor, Shahrisabz shahriga – Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti maqomi berilishidagi beqiyos hissasi uchun tashkilot bosh kotibi Xusrav Noziriy janobi oliylariga barcha Qashqadaryoliklar nomidan samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Shu bilan birga, ushbu ulkan tashabbusni faol qo‘llab-quvvatlagan Ozarbayjon, Eron Islom Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston Islom Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya davlatlari vakillariga alohida tashakkur aytmoqchiman.
Ko‘p ming yillik tarixga ega Shahrisabz - ulug‘ alloma va mutafakkirlar, aziz avliyo zotlar kamol topgan yurt sifatida bizga hamisha g‘urur bag‘ishlaydi.
Sohibqiron Amir Temur tomonidan asos solingan buyuk davlatchilik ham bevosita Shahrisabz bilan bog‘liq.
Tarixda Kesh deb atalgan ushbu boqiy zamin - islomning buyuk ulamolari yig‘iladigan joy bo‘lgan va bejizga, shaharga “Qubbatul ilm val adab”, yaʼni, “Ilm va tarbiyaning gumbazi” degan unvon berilmagan.
YUNESKOning Butunjahon merosi reprezentiv ro‘yxatiga kiritilgan, Shahrisabz shahrining – Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti deb eʼlon qilinishi – Qashqadaryoliklar tomonidan faxr va iftixor bilan qabul qilindi.
Hurmatli mehmonlar!
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti aʼzolarini mushtarak tarix va muqaddas islom dinimiz, boy madaniyat va o‘xshash qadriyatlar chambarchas bog‘lab turadi.
Yarim milliarddan ortiq aholi yashaydigan ushbu mintaqa barcha sohalar kabi turizm aloqalarini rivojlantirishda katta salohiyatga ega.
Bu borada, tashkilotning o‘n oltinchi sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan qo‘shma turistik marshrutlarni joriy etish hamda “Ipak yo‘li” brendi ostida umumiy sayyohlik dasturlarini ko‘paytirish taklifining amaliyotga tadbiq etilishi barchamiz uchun ustuvor ahamiyatga ega.
Qadrli tadbir qatnashchilari!
Yurtimiz hududida shu paytgacha ikkita buyuk Renessans ro‘y berganini barcha juda yaxshi biladi.
Xususan, IX–XII asrlarda birinchi Renessans yuz berib, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Muʼin Nasafiy kabi ulug‘ ulamolar butun musulmon olamining faxru iftixoriga aylandi.
Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy singari o‘nlab buyuk allomalarimiz kashfiyotlari umumbashariy taraqqiyotga beqiyos taʼsir ko‘rsatdi.
XV asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat mintaqada ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi.
Albatta, donishmand elimizning har ikki Renessansdavrida jahonning eng ilg‘or va eng taraqqiy xalqlari qatorida bo‘lgani barchamizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Bugun, muhtaram Prezidentimiz tomonidan Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va tub islohotlar orqali yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessansdavriga poydevor yaratishga bel bog‘laganmiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Maʼlumki, turizm sohasi jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan va istiqbolli tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Globallashuv jarayonlari insonlarning dunyo bo‘ylab erkin harakatlanishiga keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Yaratilgan imkoniyat, sharoit, olib borilayotgan ochiqliq siyosati sababli – turizm, O‘zbekistonning barcha hududlari qatori, Qashqadaryoning drayver sohalaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.
O‘ziga xos tabiati, takrorlanmas manzaralari, aholisining yashash sharoiti, urf-odati va madaniyati bilan Qashqadaryo –sayyohlar uchun jozibador maskanga aylanmoqda.
Raqamlarga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, 2023-yilda viloyatimizga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 2017-yilga nisbatan 13 baravarga, mahalliy sayyohlar soni qariyib 50 baravarga oshdi.
Shuningdek, 2017-yilda mehmonxonalar soni atigi 60 tanitashkil bo‘lsa, bugunga kelib bu raqamlar 320 taga yetdi va bir vaqtning o‘zida 5 mingta mehmonlarni qabul qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Tashrif buyurayotgan mehmonlarning viloyatimizda qolish muddati 1 kundan 3 kunga uzaydi.
Taʼkidlash lozimki, turizm bo‘yicha Qashqadaryo yana-da ulkan salohiyatga ega, foydalanilmagan cheksiz imkoniyatlar mavjud.
Infratuzilmani yaxshilash, turizmning qator yo‘nalishlarida salohiyatni yana-da yuksaltirish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Shahrisabz tumanida 240 gektarlik hududda Miraki turizm Markazini tashkil etish ishlari boshlandi.
Ushbu turizm Markazida Uindxem brendi asosida 2 ta besh yulduzli mehmonxona, 1 600 metrli dor yo‘li, akvapark, hunarmandchilik maskani, istihorat bog‘i, etno va vorkaut sport maydonchalari, uy mehmonhonalari, konsert zallari, qishloq xo‘jaligi turizmi maydonlari kabi sayyohlarni jalb qiluvchi ko‘plab obyektlar quriladi.
Shuningdek, Qamashi tumanidagi Maydanak turizm maskanida ham zamonaviy turistik infratuzilmalar barpo etiladi.
Tez kunlarda, Toshkent shahri va mamlakatimizning boshqahududlaridan Shahrisabzga aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi - viloyatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimining yana-da oshishiga xizmat qiladi.
Umuman, gastronomik, etno, ekstremal, tibbiy, ekologik va boshqa turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha olib borayotgan ishlarimiz hisobidan keyingi ikki yilda 20 mingta yangi ish joylari yaratiladi.
Aziz tadbir qatnashchilari!
O‘zbek xalqi - azaldan mehmondo‘st xalq. “Mehmonli uy - barakali uy” deb bejizga aytmagan dono elimiz.
Shu maʼnoda, Siz, aziz xorijlik do‘stlarimiz uchun Qashqadaryo vohasi eshiklari hamisha ochiq va barchangiz biz uchun doimo qadrli mehmonsiz.
O‘ylaymanki, Shahrisabzda o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlarorqali mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro yaqinlik yanada kuchaydi.
Yana bir bor, ko‘p ming yillik tarixga ega betakror go‘zal Shahrisabz zaminiga xush ko‘rdik deyishga ijozat bergaysiz.