Xabar berilganidek, viloyatimizda yoshlar o‘rtasida 5 maydan boshlab "Qashqadaryo kichik olimpiya sport o‘yinlari" start oldi.

O‘zbekiston Respublikasi turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda viloyat Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi "Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-6099-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida mahallalardagi uyushmagan va migrant yoshlar, shuningdek, "Yoshlar daftari"ga kiritilganlar o‘rtasida viloyat bo‘ylab yuqori saviyada sport musobaqalari o‘tkazildi.

Viloyatning Qarshi shahri, Nishon, G‘uzor, Koson, Qamashi, Kasbi, Chiroqchi va Mirishkor tumanlarida hamda Shahrisabz shahrida yoshlar sportning karate, boks, kurash, dzyudo, voleybol, suzish, futbol, badminton, tayekvando ITF va stol tennisi kabi 10 turida musobaqalashishdi.

Birinchi kungi musobaqalarga ko‘ra, bellashuvlarda 1526 nafar yosh faol ishtirok etgan bo‘lsa shundan 161 nafarini xotin-qizlar tashkil etdi. Shuningdek, g‘olib-sovrindor bo‘lgan ishtirokchi yoshlar tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Maʼlumot uchun, "Qashqadaryo kichik olimpiya sport o‘yinlari" musobaqalari 7 mayga qadar davom etadi. 

Qashqadaryo viloyati hokimligi
Axborot xizmati.

06-05-2021 |
Foto galereya