Nishon tumanidagi Talimarjon shahrini obod shaharga aylantirish bо‘yicha "Yо‘l xaritasi" tasdiqlandi.

Viloyatimizning eng chekka manzillaridan biri bо‘lgan mazkur hududga dastlab 1960-1970 yillarda Qarshi chо‘lining о‘zlashtirilishi, Talimarjon suv ombori qurilishi munosabati bilan odamlar kelib, yashay boshlagan. Shundan sо‘ng bu aholi punktida juda keng kо‘lamdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ijtimoiy soha obyektlari, turar joylar qurildi. Yangi korxonalar tashkil etildi. 1975 yilda Talimarjonga shahar maqomi berildi va u bu maqomga chindan ham munosib kо‘rinishga kelgandi. 1988 yilda shaharga yaqin hududda mamlakatimizdagi eng yirik issiqlik elektr stansiyalaridan biri - Talimarjon IES qurilish ishlari boshlanishi bilan esa shahar yanada gavjumlashdi.

- Ayni paytda Talimarjonda 4 ta mahalla mavjud, - deydi shahar hokimligi bosh mutaxassisi Dilshod Rahimov. - Ularda 2 ming 210 xonadon, 2 ming 533 oila bor, 10 ming 747 nafar aholi istiqomat qilmoqda.

Ta’kidlab о‘tish joiz, shaharda sо‘nggi yillarda kо‘plab yangi obyektlar, binolar qurildi. Ammo asosiy inshootlar, kommunikatsiya tizimlari muddatini о‘tab, ta’mirtalab holga kelib qolgan. Misol uchun, shahardagi 105 ta kо‘p qavatli uyning 102 tasi 1963-1968 yillarda qurilgan. Yana uchtasi esa 1985 yilda bunyod etilgan. Shuningdek, aholi, xonadonlar sonining о‘sishi bilan elektr tarmoqlaridagi nosozliklar kо‘paydi, mavjud transformatorlarga yuklamalar ortdi. Yо‘l va suv tarmoqlari ham ta’mirtalab bо‘lib qolgan.

Viloyat hokimi tomonidan Talimarjon shahrini obod shaharga aylantirish bо‘yicha "yо‘l xaritasi"ning tasdiqlanishi bu boradagi kо‘plab muammolarni bartaraf etish imkonini beradi.

"Yо‘l xaritasi"ga asosan shahardagi 105 ta kо‘p qavatli uylarning tom, fasad qismini mukammal ta’mirlash, yangi isitish tizimlarini ishga tushirish, atrofini obodonlashtirish, hududda bolalar uchun о‘yin va sport maydonchalari qurish, yangi transformatorlar о‘rnatish, mavjud transformatorlar, havo elektr tarmoqlari, tabiiy gaz quvurlari, suv va suvoqova tizimlarini mukammal va joriy ta’mirlash, gazlashmagan aholi xonadonlariga "zangori olov" olib borish bо‘yicha bajariladigan ishlar belgilab olindi.

Ayni paytda Talimarjon shahrida ikkita (4- va 34-sonli) о‘rta ta’lim maktabi bо‘lib, ularda 1759 nafar о‘quvchi tahsil olmoqda. 34-maktab binosi 2006 yilda qurilgan bо‘lsa, 4-maktab bundan roppa-rosa 52 yil avval, ya’ni 1967 yilda bunyod etilgan. Har ikkala maktab ta’mirtalab holda, quvvati esa о‘quvchilar soniga qaraganda ancha past.

Obodonlashtirish ishlari jarayonida ushbu maktablar tubdan ta’mirlanib, yangi qiyofa kasb etadi. 34-maktabda 216 о‘rinli qо‘shimcha о‘quv binosi quriladi. Qolaversa, Talimarjon sanoat va suv xо‘jaligi kasb-hunar kollejining bir qismini maktabga moslashtirib, yangi sinfxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, olib boriladigan ishlar doirasida shahardagi 1986 yilda qurilgan 20-maktabgacha ta’lim muassasasini kapital ta’mirlash, mahalliy byudjet hisobidan bitta yangi 220 о‘rinli,  davlat-xususiy sheriklik asosida yana bitta 100 о‘rinli bog‘cha tashkil etish hamda 4 ta uy bog‘chalari ochish reja qilingan.

 Bundan tashqari, "Yо‘l xaritasi"da shaharga kirib kelishdagi va shahar ichidagi avtomobil yо‘llarini, mahalla guzarlari, istirohat bog‘lari, masjidlar, davlat va jamoat tashkilotlari binolarini ta’mirlash, atrofini obodonlashtirish, yangi inshootlar barpo etish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish kabi qator chora-tadbirlar belgilanganki, bu shaharni tom ma’noda obod manzilga aylantirish imkonini beradi.

Bularning barchasi hozircha reja va u tо‘liq bajarilgachgina natijasi shaharning obod va kо‘rkamligida, farovonligida aks etadi. Buni qanchalik darajada amalga oshirish esa mas’ul tashkilotlar rahbarlarining say-harakatiga, jonkuyarligiga bog‘liq.

J.BOYMURODOV

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari  asosida

 

 

21-04-2019 |
Foto galereya