Assalomu alaykum azizlar. Qadrli mehmonlar, vohamiz ahli! Moʻtabar otaxon va onaxonlar, shijoatli yoshlar.
 
Barchangizni ardoqli va suyukli bayram – Navro‘zi olam bilan samimiy tabriklayman.
 
Ayni shu kunlarda yon-atrofda bahor faslining fazilatlari kezib yurgan bir paytda, tabiatdagi uyg‘onish, tarovat, go‘zallik qalblarga ko‘chadi. Bunyodkorlik, farovonlikning yangi bosqichi namoyon bo‘ladi. Vujudimizga kuch-g‘ayrat, azmi shijoat, pokiza tuyg‘ular kirib kelganini his etamiz.
 
Milliy o‘zligimizning ko‘zgusi bo‘lgan Navro‘z - sharqona yangi yil debochasi, serhosillik, qut baraka, rizq-ro‘z mo‘lligini o‘zida mujassam etgan, aholi turmush  tarzidagi betakror urf-odat va ana’analarni singdirgan sevimli bayramdir. Bayram kunlarida yaqinlarni yo‘qlash, yoshi ulug‘larning duosini olish, sayillar o‘tkazish, milliy taomlar tayyorlab, to‘kin dasturxon atrofida ezgu niyatlar qilish urf bo‘lgan.
 
Navro‘z – mehr-muhabbat bayrami. Bayram munosabati bilan e’tiborga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, imkoniyati cheklangan odamlarning yoki betob yotganlarning holidan xabar olinadi, ularga sovg‘a salomlar ulashiladi. Bu kabi odatlar, qadriyatlar insonlar orasidagi mehr-oqibatni mustahkamlashi barobarida, o‘zaro birdam bo‘lish, bir-birini suyash, asrab-avaylash kabi fazilatlarni ham ko‘rsatadi.
 
Mana shunday fayzli, shodiyona ayyomda viloyatimizning barcha hududlarida, olis qishloqlarida, mahalla, shahar va tumanlarda Navro‘z saylini o‘tkazayotgan vatandoshlarimizga yuksak hurmat va ehtiromimni, eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
 
Yangi O‘zbekistonda yangicha dunyoqarash bilan yashash g‘oyasi ilgari surilmoqda. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish maqsad-muddaolarimizning bosh o‘zagi bo‘lib, xalqimizni umumiy maqsadlar yo‘lida birlashtirmoqda. Bu yangilanishlar, islohotlar jamiyatni, xalqimizning ongu tafakkurini uyg‘otib, beqiyos salohiyatini namoyon etayapti. Jonajon O‘zbekistonimiz bugun o‘z milliy taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘ymoqda.
 
Bu yilgi bayram tantanalari mamlakatimizda  “Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda.
 
Viloyatimiz ahli ham joriy yilgi Navro‘z bayramiga o‘ziga xos taraddud bilan kelishdi. Ko‘zlangan marralar sari azmi shijoat, ishonch bilan borilmoqda.
 
Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2022 yil “Yashil yillik” umummilliy tadbir yili deb e’lon qilindi. Mazkur keng ko‘lamli va ibrat namunasi bo‘lgan tadbir doirasida ayni kunda viloyatimizning barcha tuman, shahar, mahalla, ko‘chalariga  12,1 mln.tup nihollar ekildi. “Daraxt ekib, bog‘ yaratamiz, yurtimizni yanada obod qilamiz”, degan ezgu shior ostida olib borilayotgan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida yoshu keksa birdek zo‘r qiziqish va ko‘tarinki kayfiyat bilan ishtirok etmoqda. Bugun ekilgan nihollar qad rostlab, meva beradi, yon atrofga ko‘rkamlik baxsh etadi, muqaddas Vatan bog‘ini obod qiladi.
 
2022 yil -"Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili"da,  mahalla institutining kuchidan unumli foydalanish ishi yangi bir bosqichda namoyon bo‘layotgani barchamizga ma’lum. Inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan  har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Mahalla tinch, yurt tinch”, “Mahalla obod bo‘lsa, mamlakat obod bo‘ladi”, deya xalqimiz bejizga aytmaydi.
 
Bugun hududlarda ish boshlagan hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari tomonidan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda, aholining dilida tugib yurgan orzu, istaklari ularning da’vati bilan amalga oshirilmoqda, loyihalar ishlab chiqilyapti. Bu albatta, mehnatsevar xalqimizning ko‘nglidagidek ish bo‘lmoqda. Viloyatdagi 813 ta mahalla fuqarolar  yig‘inlarida ish boshlagan hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning joylardagi ijrochisi, targ‘ibotchisi bo‘lmoqda.
 
Ayni shu kunlarda esa yurtimiz xotin-qizlarining jamiyatdagi rolini oshirish, qo‘llab-quvvatlash, ular uchun imkoniyatlar ko‘lamini kengaytirish vazifalari doirasida mahallalardagi xotin-qizlar faollari lavozimiga ochiq tanlov asosida suhbatlar o‘tkazilmoqda. Ma’rifatli avlodni tarbiyalash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashini, muhimi oila mustahkamligini ta’minlashda bu bo‘g‘in faollari ham munosib ulush qo‘shishlariga ishonamiz.
 
Albatta, Navro‘z bayrami o‘z ruhi va falsafasi bilan hayotimizga singib ketgan. Borliqni asrab-avaylab, u bilan uyg‘un yashash, mehr-oqibat, xayru saxovat, do‘stlik, hamjihatlik singari yuksak g‘oyalarni ulug‘lashi bilan teran mazmun kasb etadi. Mamlakatimizda keng ko‘lamda olib borilayotgan demokratik islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navro‘z umumxalq bayrami ham o‘ziga xos ma’naviy tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.
 
Hakim at Termiziyning  “Navro‘znoma”sida shunday yoziladi: agar Navro‘zi olam dushanba kuni bo‘lsa, to‘qchilik bo‘lib, noz-ne’mat ko‘p bo‘ladi. Yomg‘ir mo‘l yog‘adi, bug‘doy shirin bo‘ladi.
 
Xosiyatli va fazilatli bayram kunlarida niyat qilamiz,  barcha sohalarda bisyor muvafaqqiyatlar bo‘lsin.
 
Tinch va osuda yurtga bayramlar yarashadi. Tinchlikni ko‘z qorachig‘idek asrasak, ko‘zlagan marralarimizga, albatta erishib boraveramiz. Bugun dunyo miqyosida globallashuv jarayoni kechayotgan bir paytda, barchamiz teran anglayapmizki, hayot hamisha ham bir tekisda kechavermaydi, sinovlar, qiyinchiliklar bizni yanada birlashtirib, yanada jips bo‘lib mehnat qilish, tinchlikni qadrlashga o‘rgatmoqda. Ayni shu muazzam damlarda elimiz dilidagi, tilidagi muqaddas kalomni aytamiz: jahonda tinchlik bo‘lsin!
 
Navro‘z har bir xonadonga, butun el-yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin!
 
Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan ulug‘vor ishlarga vatanparvarlik, millatsevarlik bilan munosib hissa qo‘shish yo‘lida barchangizga kuch quvvat va omonlik tilayman.
 
Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy aytganlaridek: Har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!
 
Bayramingiz muborak, aziz vatandoshlar!
 
E’tiboringiz uchun rahmat.
21-03-2022 |
Foto galereya