11 aprel kuni viloyat hokimi Zoyir Mirzayev rahbarligida viloyat tashkilotlari Qarshi tumani Beshkent shahri Kichik sanoat zonasi hududida bo‘lib, tuman tadbirkorlarining muammolariga joyida yechim topish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi.

Qabul davomida 34 nafar tadbirkor o‘z muammolari bilan murojaat qildi. Bildirilgan barcha murojaatlarga yechim topiladigan bo‘ldi. Shundan joyida hal etilganlari 5 tani tashkil etdi. Vaqt talab etiladigan murojaatlar hal etilishi kuni belgilanib, mas’ullar javobgar etib biriktirildi.

Muammolar imtiyozli va ijtimoiy kreditlar ajratish, “E-ijro auksion” orqali yer hamda bino xarid qilish va boshqa masalalar yuzasidan ko‘tarildi.

Har bir murojaat chuqur tahlil qilindi. Tadbirkor qanday vaziyatda iqtisodiy o‘sishga erishishi bo‘yicha o‘sha yerning o‘zida viloyat hokimi, tadbirkor va mas’ul soha tashkilotlari rahbarlari fikr almashishdi.

Huquqiy taraflama va ijrodagi qaror, farmonlarga zid bildirilgan murojaat egalariga ham faoliyati davom etishi va barqarorlashishi bo‘yicha yo‘nalish berildi.

"Qashqadaryo Fayz baraka" MChJ rahbari Dildor Amirqulov chorva kompleksi qurilishining 50 foizini o‘z mablag‘lari hisobidan qolgani uchun esa kredit rasmiylashtira olmay kelgan. Unga viloyat Xalq bankidan 1,0 mlrd so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i ajratiladigan bo‘ldi. Shu bilan birga davlat tomonidan naslli chorva mollariga berilayotgan subsidiyalar orqali yanada takomillashuv bo‘yicha aniq yo‘nalish berildi.

“Temurbek Charosxon Fashion” oilaviy korxonasi rahbari Fayzullayev Shavkat tikuvchilik sexi uchun bino yoki yer maydoni olish istagida ancha vaqtdan buyon yuribdi. Tadbirkorga shunday yo‘nalish berildiki, tuman hokimligi tomonidan mahalla idorasining bo‘sh turgan ikkinchi qavati tadbirkorga ta’mirlangan holda, ijara shartnomasi orqali berilishi va shu orqali 10 nafar “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar sexda kasb o‘rgatilib, doimiy ish bilan ta’minlanishi bo‘yicha taklif tadbirkorga ma’qul keldi.

Sayyor qabul davomida tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar, Qarshi tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi, pul tushumlari kamaygan korxonalar faoliyatini tiklash, yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

12-04-2021 |
Foto galereya