O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi birinchi ish kunida viloyatning Chiroqchi tumani chegaralarini o‘zgartirish va Ko‘kdala tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
 
Unda Ko‘kdala tumanining tashkil etilishiga sabab bo‘lgan asosiy omillar haqida alohida ma’lumotlar berildi. Qayd etilganidek, bugungi kunda tuman markazidan eng chekka qishloqqacha bo‘lgan masofa 65-100 km tashkil etib, jumladan, “Toshli” qishlog‘i – 100 km, “Sarson” qishlog‘i – 93 km va “Quruqsoy” qishlog‘i – 65 km. Bu esa, aholining tuman markaziga borib-kelishi uchun 2-3 ta yo‘lovchi transportidan foydalanishiga va bir kun yo‘qotilishiga sabab bo‘lmoqda.
 
 
Shunga ko‘ra, Chiroqchi tumanida yashayotgan aholiga ijtimoiy va maishiy qulayliklar yaratish hamda viloyatda rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar, urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solish, ayniqsa aholi bandligini ta’minlash maqsadida, ushbu tumanning bir qismida Ko‘kdala tumanini tashkil etish hamda uning markazini Yettitom shaharchasi etib belgilash nazarda tutilmoqda.
 
Bunda, Chiroqchi tumanidan 171 ming gektar yer maydoni va istiqomat qilayotgan umumiy aholining 177 ming nafari, ya’ni 32 ta mahallada yashayotgan qismi Ko‘kdala tumani tarkibiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Ko‘kdala tumani tarkibiga 162 ta sanoat korxonasi va 1 ta kichik sanoat zonasi (Ayritom) o‘tkazilib, ishlab chiqariladigan mahsulot hajmining tuman sanoatidagi ulushi 151,9 mlrd so‘mni yoki 38 foizni tashkil etadi.
 
 
Bugunga qadar viloyatimizda 13 ta tumanlar va 2 ta shaharlar mavjud edi. Bugun Oliy Majlis Senati yig‘ilishida Ko‘kdala tumanini tashkil etishni senatorlar ma’qullashib, ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
17-03-2022 |
Foto galereya