Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan “Innovasion g‘oyalar va ishlanmalar hududiy ko‘rgazmasi” bo‘lib o‘tmoqda.
 
Tadbir Qashqadaryo va Surxondaryo viloyati hokimliklari, Innovasion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.  
 
Yoshlarning startap loyihalarini rivojlantirish, hududlarning innovasion salohiyatini oshirish, zamonaviy talablarga javob beradigan malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek, hududlarni sifatli yuqori texnologiyali mahsulotlar va xizmatlar bilan ta’minlash maqsadida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integrasiyasini chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.  
 
“Innovasion g‘oyalar va ishlanmalar hududiy ko‘rgazmasi”da 40 dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar, tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari va innovasion texnologiyalar markazlari, xususiy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar namoyish etilmoqda. Hududlardagi muammolarni hal qilish, sohalarni innovasion texnologiyalar asosida rivojlantirish uchun xizmat qiladigan ishlanmalar mualliflari bilan shartnoma imzolanishi ko‘zda tutilmoqda.
 
Ko‘rgazma doirasida hududlarning robototexnika sohasidagi salohiyatini namoyon etish, mazkur sohadagi istiqbolli loyihalarni dastlabki bosqichda aniqlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, prototip yaratishga, o‘z navbatida loyihani amaliyotga joriy etishga qaratilgan “Power of innovation” tanlovi saralash va taqdirlash jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.  
 
Ko‘rgazmada Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi 12 ta Oliy ta’lim va Ilmiy tadqiqot muassasasidan umumiy 68 turdagi ishlanma va 15 ta tadbirkorlik sub’yektidan jami 45 ta mahsulot turlari qatnashmoqda.
 
Shu bilan birga o‘tgan yili tashkil etilgan “Technoways” texnologik rivojlanish marafonining hududiy bosqichi o‘tkazilib, ishtirokchilar loyihalari ro‘yxatga olinmoqda va loyiha mualliflari final bosqichiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu turdagi loyihalarning hududlar kesimida o‘tkazilishi yangi iqtidor egalarining kashf etilishiga zamin yaratadi.
 
Shuningdek, Innovasion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi tomonidan “Eng yaxshi ishlanma”, “Eng yaxshi stend” kabi nominasiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi. Olimlar, yoshlar va ixtirochilar bilan sayyor uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
 
Ko‘rgazma 13 mart kuni o‘z ishini yakunlaydi.
 
 
O‘.Barotov,
 
J.Norqobilov(surat)
12-03-2021 |
Foto galereya